"Afg‘oniston – bangilar o‘chog‘iga ham aylandi"

Image caption Afg‘oniston aholisining bir milliondan ortiqrog‘ini bugun bangilar tashkil etisharkan

Hanuz dunyodagi eng yirik afyun ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lgan Afg‘oniston bangilarining soni bo‘yicha ham barchani ortda qoldirib ketibdi.

Agar, Afg‘oniston aholisining soni 35 million deyilsa, ularning bir milliondan ortiqrog‘ini bugun bangilar tashkil etisharkan.

Ayon bo‘lishicha, bu kabi nisbat dunyoning boshqa biror bir davlatida kuzatilmaydi.

Bangilarni izlab, uzoqqa borib yotishingizning hojati yo‘q: ularni shundoqqina Afg‘oniston poytaxtining qoq yuragida, Kobul daryosi bo‘ylarida uchratasiz.

Bangilar bu yerga geroin sotib olish va iste‘mol qilish uchun yig‘ilishadi. Odamlarni insoniy qiyofalaridan chiqaruvchi ayanchli bir maskan.

Bu yerda kuppa-kunduz kuni erkaklar va yosh-yosh yigitlar cho‘kka tushvolib, turli giyohvand moddalarni qabul qilishadi.

Ustiga ustak, ularning oralarida, hatto, shifokor, muhandis va tarjimon bo‘lgan savodli kishilarni ham uchratasiz.

Tariq Sulaymon bangilarga yordam berish bilan shug‘ullanuvchi mahalliy xayriya jamg‘armasidan.

U giyohvandlik balosiga yo‘liqqan insonlarni davolanishga undash uchun tez-tez bu yerga kelib turadi.

"Biz shundoq ham bolalarimizni xudkushligu raketa hujumlari, portlashlarda boy berayapmiz. Endi esa, bangilik vatandoshlarimizni o‘ldirayotgan boshqa bir terrorchilik balosiga aylandi", deydi u.

"Bolaligidan yo‘liqqan..."

Aslan Afg‘onistonning shimoliy Badaxshon viloyatidan bo‘lgan 18 yoshli Jovid 10 yildan beri geroin iste‘mol qiladi.

Hali bola ekani chog‘ida yerimda yaxshiroq ishlasin deb, o‘zining qondosh amakisi uni bu baloga yo‘liqtirib qo‘ygan.

"Hayotimdan nafratlanaman. Chunki hamma meni yomon ko‘radi. Men bu yoshda maktabda bo‘lishim kerak. Ammo, ko‘rib turganingizdek, bangiman", deydi u.

Jovidning otasi o‘lib ketgan. Nogiron onasi esa, o‘g‘lining dardida kuyib, ado bo‘lgan. Onasining hayotdan yagona umidi – o‘g‘lining bangilik balosidan xalos bo‘lishi. Lekin, shunga qaramay, tilanchilik qilib bo‘lsa-da, Jovidning bir kunlik geroiniga yetadigan pulni topib beradi. O‘g‘lining o‘g‘rilik qilishidan qo‘rqadi.

"Agar kunim bitib, qazo qilib qolsam, kuning boshqa bangilar kabi ko‘prikning ostida o‘tadi deb Jovidga javraganim javragan", deydi onasi.

Hatto, tunlari ham tinim bilmaydigan aksariyat ashaddiy bangilarning taqdirlari Jovidniki bilan o‘xshash.

Politsiya xodimlari bangilarni bu yerdan quvib solish uchun muntazam ravishda reydlar uyushtirib turishadi, ularni kaltaklashadi va hatto, daryoga ham otib yuborishadi.

Hamma balo nimada?

Nega bir milliondan ortiq afg‘onning giyohvand moddalarga ro‘ju qo‘yishgani sabablari esa, anchayin murakkab.

Shubhasiz, bunda bir necha o‘n yillik urushlarning ham ta‘siri bor.

Chunki janglardan qochib, muhojirlikka yuz tutgan aksariyat afg‘onlar bangilar soni yuqori bo‘lgan qo‘shni Pokiston va Erondan boshpana topishgan.

Mulozimlarga ko‘ra, bugun ortga qaytayotgan o‘sha qochqinlar o‘zlari bilan ona yurtlariga giyohvandlik balosini ham olib kelishmoqda.

Bundan tashqari, ishsizlik muammosi ham bor. Agar, so‘nggi raqamlarga qaralsa, Afg‘oniston aholisining 40 foizga yaqini ishsiz.

"Ishim bo‘lganida edi, bu yerning yaqiniga ham yo‘lamasdim", deydi men Kobul daryosi bo‘yida uchratgan bangilardan biri.

Faruqning aytishicha, qo‘lida shifokorlik diplomi bor va vaqtida kasalxona boshqaruvchisi ham bo‘lib ishlagan.

U barcha dardu alamlarimdan forig‘ bo‘lish uchun giyohvand modda qabul qilaman, biroq bangilikdan ko‘ra, o‘lganim yaxshiydi, deydi.

Bundan tashqari, giyohvandlar sonining shitob bilan oshib borishiga geroinning yil sayin imkonli bo‘lib borayotgani ham sabab bo‘lmoqda.

Chunki so‘nggi yillarda geroin Afg‘onistonning o‘zida ham ishlab chiqarilmoqda.

Bangilarning so‘zlariga qaralsa, Kobulda geroinni topish ham, sotib olish ham oson:

"Xuddi, yegani bir narsa xarid qilganga teng. Bir grammi 6 AQSh dollari turadi. Shaharning istalgan burchagidan topasiz", deyishadi ular.

Birlashgan Millatlar Giyohvand moddalarni nazorat etish idorasi – Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishga chek qo‘yish yo‘lida ish olib borayotgan sanoqli xalqaro tashkilotlardan biri.

"Biz shu paytgacha talab giyohvand moddalarga ehtiyojni paydo qiladi, degan fikrda edik. Lekin, biz nazardan qochirgan narsa shu bo‘ldiki, bozorda salmoqli miqdordagi mahsulotning paydo bo‘lishi ham ichki ehtiyojga sabab bo‘ladi", deydi idora vakili Jan –Lyuk Lemayu.

Maqsadga nima bo‘ldi?

2001 yilda Afg‘onistonga kirib borgan xorijiy qo‘shinlarning asosiy maqsadlaridan biri ham ko‘knori yetishtirilishiga barham berish edi.

Ammo, buning o‘rniga, ular isyonchilarga qarshi kurashga ko‘proq e‘tibor berib, ko‘knorizorlarga, hatto, ko‘z yumishda ham ayblanishdi.

Afyun Afg‘onistonda yangilik emas. Asrlarki, odamlar uni o‘ziga xos dori sifatida ham qo‘llab kelishgan.

Men shimoliy Mozori Sharif shahridagi kasalxonalardan birida uchratgan Fotima ham bolasini tuqqandan keyin ketayotgan qonni to‘xtatish uchun afyun iste‘mol qilishni boshlaganini aytadi.

Unga ko‘ra, shifokorga borishdan ko‘ra arzonroq tushgani uchun shunday qilgan.

So‘ngra yo‘talini davolayman, deb emizikli bolasiga ham afyun beradi. Hozir esa, ikkovlon ham bangi bo‘lib qolishgan.

Agar, raqamlarga qaralsa, hozir Afg‘onistondagi bangilarning 40 foizini ayollar va bolalar tashkil etishadi.

Ammo ularning orasida Fotima va farzandiga o‘xshab, davo istayotganlari kam.

Davo izlab...

Butun Afg‘oniston bo‘ylab hozir faoliyatda bo‘lgan 95 ta maxsus tibbiyot markazlari ham bor-yo‘g‘i 2.305 kishiga mo‘ljallangan.

Bir milliondan ortiq bangini davolash uchun davlat g‘aznasidan ajratilayotgan yillik mablag‘ esa, bor-yo‘g‘i 2 million dollardan sal oshadi.

Bu – har bir bangining davolanish uchun yiliga faqatgina 2 dollardan sal oshiqroq mablaqqa umid qila olishini anglatadi.

Deylik, birgina Jovidning o‘zi kuniga bundan uch karra qimmatroqqa tushuvchi miqdorda geroin iste‘mol qiladi.

Hali Kobulda ekanim chog‘i Jovidning davolanish uchun Tariq Sulaymonning "Najot" markaziga yotganini eshitdim.

Ko‘chada qaytib ko‘rib qolganimda u menga geroinni qaytib og‘ziga olmayotganini aytdi.

Ammo uning suzilib turgan ko‘zlari va poyintar-soyintar gaplari umuman boshqa narsaga dalolat qilardi.

Qishning g‘ira-shira oqshomida ko‘zdan g‘oyib bo‘larkan, uning bir kun kelib, giyohvandlik balosidan xalos bo‘lishiga, negadir, ko‘zim yetmasdi.

Afg‘oniston turli jabhalarda to‘qnash kelib turgan muammolarning ko‘pligidan giyohvand moddalarga qarshi kurashda qanchalik muvaffaqiyat qozona olishi ham menga shunchalik mavhum tuyuladi.