Hindular muqaddas niqoblari kimoshdi savdosi mubohasalar markazida

Parijda mahkama Arizonaning hindular qabilasiga tegishli mubohasali niqoblar kimoshdi savdosiga ruxsat berish yo bermaslik borasida qaror chiqarishi kutiladi.

Xopi qabilasi va uning nufuzli tarafdorlari, xususan aktyor Robert Redford, mazkur savdo diniy osori-atiqalarni haqorat qilishga teng bo‘lishini aytishgan.

Qabila 70ta niqob ilohiy ruhlar kuchiga ega ekani va ulardan o‘g‘irlanganini aytadilar.

Auktsion tashkilotchilari esa bu niqoblar o‘tmishda ham sotuvga qo‘yilgani va qonuniy yo‘l bilan sotib olinganini aytishmoqda.

O‘zini Xopi madaniyatining "yaqin do‘sti" deb tasvirlaydigan janob Redford niqoblar "faqat Xopi qabilasiga, Xopidan boshqa hech kimga" tegishli emasligini yozgan.

"Bularni kimoshdi savdosiga qo‘yish, mening fikrimda, dinni haqorat qilishga teng va o‘ta yomon axloqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin", - deb aytgan Gollivud yulduzi.

"Men bu muqaddas jihozlar Xopiga qaytariladi deb umid qilaman. Ular kimoshdi savdosi uchun yaratilmagan", - dedi u.

Mahkamaga shikoyat qabilaviy xalqlar huquqlarini himoya qiluvchi Survival International tashkiloti tomonidan berilgan.

AQShning Frantsiyadagi elchisi Charlz Rivkin kimoshdi savdosidan "juda xavotirda" ekanini aytgan.

"Xopi vakillari bu jihozlarga egalik tafsilotlarini aniqlash uchun savdo kechiktirilishini so‘raganlar", – dedi u.

"Savdoning kechiktirilishi bu muqaddas jihozlarni yaratgan tomonlarga o‘z huquqlarini aniqlab olishga imkoniyat beradi", - dedi elchi.

Biroq, Nere-Mine Tessiye va Sarru auktsion uyining auktsionchisi Jil Nere-Mine bu savdoning to‘xtatilishi Frantsiya muzeylarining o‘z kollektsiyalaridan ayrilishiga yetaklashi mumkinligini aytdi.

"Agar biz bu mahkama ishida mag‘lub bo‘lsak, Frantsiyada qabilaviy jihozlar savdosi boshqa o‘tkazilmaydi", - dedi u.

"O‘ylashimcha, muzeylar o‘z kollektsiyalarini qaytarib berishga majbur bo‘ladilar. Bu san‘at bozori uchun yirik zarba bo‘ladi", - dedi janob Nere-Mine.