Qirg‘iziston: qiynoq qo‘llaganlar "qora ro‘yxat"i tuzilmoqda

Image caption Mamlakatda qiynoqlar mavjudligi rasman ham rad etilmaydi

Qirg‘iziston inson huquqlari himoyachilari fuqarolarga nisbatan qiynoqlar qo‘llagan huquq-tartibot xodimlari "qora ro‘yxat"ini tuzishmoqda.

Nodavlat faollar bildirishicha, ularni ushbu ishni boshlashga o‘tgan yil mamlakat bo‘ylab 370dan ortiq qiynoqqa solish hollari kuzatilgani sabab bo‘lgan.

Bunday holatlar yuzasidan esa, bor-yo‘g‘i 30dan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ammo, faollarning aytishlaricha, mazkur jinoiy ishlarning biron biri yuzasidan mahkama hukmi chiqmagan.

Huquq-tartibot organlarining vaziyatni o‘nglashga qaratilgan choralaridan umidi qolmaganini aytgan inson huquqlari himoyachilari endi maxsus ro‘yxat tuzishayotgani, ushbu ma‘lumotlar tekshirilgach, ommaga e‘lon qilinishi haqida aytishadi.

Suhbatdoshim Oynura Niyazbekova hozirda uning 27 yoshli ukasi Erkinbek Niyazbekov va ukasining do‘sti 26 yoshli G‘afar Urkunboyev qamoqxonada ekanini aytadi. Oynuraga ko‘ra, ular 2009 yilda hibsga olingach, tergov payti militsiya tarafidan qiynoqlarga tutilgan.

"Bu fojeaning alohida jihati shuki, kutilmaganda uyga qaytmagan Erkinbekni izlab, poytaxt Bishkekning Lenin tumani militsiyasi idorasiga bordik. U yerda ukamni besh militsiya xodimi qiynoqqa solganayotganiga guvoh bo‘ldik. Lekin, militsiya bo‘limi boshlig‘i bizni haydab chiqardi. Ukamning boshiga polietilen xalta kiygizishgan ekan. Xalta boshidan olib tashlanganda biz uni taniy olmadik. Chunki, uni shunchalar azoblashgan va ahvoli juda abgor edi", - deydi Oynura Niyazbekova.

Inson huquqlari faollari bu kabi noqonuniy hatti-harakatlarga qo‘l urgan shaxslar ro‘yxatini tuzayotgani borasida eshitganlar unga "qora ro‘yxat" deya nom berishgan.

"Odamlar qiynoq hollaridan shikoyat qilib, turli idoralarga bosh urishsa-da, hozirgacha bunday amallarda ayblangan biron bir shaxsga nisbatan mahkama hukm chiqarmagan", deydi "Erkinlik ovozi" ijtimoiy jamg‘armasi raisi va Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Ijtimoiy nazorat kengashi kotibi Sardar Bagishbekov.

Ayni paytda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Jo‘raboy Abduraimov ba‘zi militsiya xodimlari qiynoq qo‘llaganligi borasida da‘volar mavjudligini tan oladi.

"Bir necha xodimimiz ustidan qiynoqlarga aloqasi bor, degan ayblov asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Lekin, jinoiy ishlar mahkamaga yetib borgach, sochilib ketayapti. Maxkama jarayonlar samarali bo‘lmagan. Ammo, shunday bo‘lsa-da, biz zobitlarimiz orasida tushintirish ishlari olib bormoqdamiz. Agar ayrim xodimlarimiz qiynoqlar qo‘llaganini oshkor etishga muvaffaq bo‘lsak, biz ular bilan ayrilishga tayyormiz", - deydi militsiya zobiti Jo‘raboy Abduraimov.