Putin fazoviy tadqiqotlar uchun yirik mablag‘ ajratishga va‘da berdi

Image copyright AFP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin fazo tadqiqotiga 50 million dollar sarmoya kiritilishiga va‘da bergan.

Rossiyaning uzoq sharqida qurilishi mo‘ljallangan yangi “Vostochnыy” kosmodromi uchun ajratilgan hududga safari chog‘i janob Putin inson boshqaruvidagi ilk fazo kemasi kosmodromdan 2018 yilda uchirilishini bildirdi.

Mamlakat fazoviy tadqiqot dasturi Sovet kosmonavti Yuriy Gagarinning yer orbitasi bo‘ylab qilgan ilk parvozi davriga borib taqaladi.

Bu missiyaning muvaffaqiyatli kechgani 1961 yilning 12 aprelida e‘lon qilingandi.

Undan beri yuzlab fazogirlar va uchuvchisiz kemalar fazoga safar qilgan, ammo hammasi ham muvaffaqiyat bilan yakun topmagan.

O‘tgan yili Rossiyaning Fobos Grant fazo kemasi Mirrix oyiga safarini amalga oshira olmay, yerga quladi.

Xitoy bilan chegaraga yaqin yangi kosmodrom xududiga safari chog‘ida janob Putin Rossiya o‘zining jahondagi eng qudratli fazo tadqiqotchisi mavqeini saqlab qolishi kerakligini aytdi.

Unga ko‘ra, mamlakat fazo tadqiqotchilari muammolarga emas, balki kelajakka asosiy e‘tiborni qaratishlari lozim.

Janob Putin, shuningdek, rossiyaliklar fazoda ovro‘polik va amerikalik hamkasblari bilan hamkorlikda ishlashda davom etishlari kerakligi, hamda fazoda o‘zaro tarang xalqaro munosabatlarni unutish mumkinligini aytdi.