Putin Karimovning oldiga muhojir turnalar masalasini qo‘yadi

Prezident Islom Karimovning Moskvaga safari davomida Vladimir Putin Rossiyaning ko‘chmanchi turnalari masalasini muhokama etishi mumkin. Dunyoda bir necha dona qolgan bu sterx turnalari taqdirini Kreml o‘zi uchun muhim masala deb biladi.

Rossiya mutaxassislari bu turnalar o‘zbekistonning Afg‘on chegarasiga yaqin hududida chegarasida qishlashini istashmoqda. Lekin, O‘zbekiston tomoni ularni afg‘onlar otib qo‘yishi mumkin, deb istihola bildirishgani aytiladi.

Turnalar taqdiridan xavotirga tushgan Rossiya faollari esa, endi Prezident Putin Islom Karimovning oldiga turnalar masalasini ko‘ndalang qo‘yishiga umid qilmoqdalar. Bu qanchalik muhim? Suhbatdoshim Rosiya tabiatni asrash qo‘mitasidan ayni loyiha tashabbuskori Aleksandr Sorokin.

Aleksandr Sorokin: Sterx turnalari dunyodagi eng kam sonli qushlardan. Xalqaro miqyosda ham muhofaza qilinadi. G‘arbiy Sibir sterx turnalari hozir jahonda o‘zi 20tacha qolgan. Gap shundaki, bu turnalar yozni Rossiya, qishni esa Hindiston va yo Eronda o‘tkazishadi. O‘zbekiston orqali uchib, Afg‘oniston va Pokiston osmonidan o‘tadilar. Lekin, pashtun qabilalari ularni otib yeyishadi va yo uyda boqishadi. Shu bois, ular yo‘qolib ketadi degan xavotirlar kuchaymoqda. O‘n yildan beri biz Ryazanda bu turnalarni sun‘iy ko‘paytirib, tabiatga qo‘yib yuboramiz. Bu uchun ularni deltoplanda yo‘naltirib, qishlaydigan o‘lkalarga jo‘natish kerak. Vladimir Putin shaxsan o‘zi ularni deltoplanda orqasidan ergashtirishga intilgandi.

BBC: Nega unda Islom Karimov oldiga sterx turnalari masalasini qo‘ymoqchisizlar? O‘zbekistonning ishtiroki qanday bu borada?

Aleksandr Sorokin: Sun‘iy urchitish dasturimiz ish bermasligini anglab qoldik. Axir ularni deltoplan bilan butun Markaziy Osiyo, Afg‘onitson va Pokiston osmonidan olib o‘tib, Hindistonga qadar eltib bo‘lmaydi-ku. Yo‘l uzoq, Hindikush tog‘i bor, yana ko‘p joyda urush ketmoqda. Shu bois, O‘zbekiston janubida, Afg‘onistonga tutash Amudaryo sohillarida ularning qishlashini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldik. Hozir iqlim isigani uchunmi, Janubiy O‘zbekistonda bo‘zturnalar va g‘ozlar qishlashmoqda. Biz bordik, o‘rgandik va tinch joy ekanligini ko‘rdik. Endi bir ikkita sterx turnasini ana shu qushlar orasiga qo‘shib, sinab ko‘rishni istaymiz. O‘zbekiston hukumati umuman olganda rozi bo‘lgan bu tajribaga. Lekin, o‘zbeklar ba‘zi mulohazalarni bildirishdi. Masalan, afg‘on chegarasi ochiq ko‘rinib turishi uchun u yerda o‘tlarni yoqishadi, chegara bo‘ylab ba‘zan tadbirlar o‘tkaziladi, afg‘onlar esa o‘z tarafiga o‘tib qolgan qushlarni ovlashadi degandek.

BBC: Aftidan sterx turnalari masalasi hal bo‘lgan, O‘zbekiston rozi bo‘libdi. Endi siz Prezident Putin bu turnalar uchun Islom Karimov oldiga qanday savollarni qo‘yishini istaysiz?

Aleksandr Sorokin: Gap mening istagimda emas. Men bu haqda hali sentyabr oyida Prezident Putinga o‘z fikrimni aytganman. U esa, bu mantiqli va o‘zbek hamkasbi bilan uchrashganda ayni masalani ko‘tarishib, til topishini aytgandi. Bilasizmi, O‘zbekiston janubidagi chegara hududida biz o‘z sterx turnalarimiz qishlashi uchun ryxsat olishni istaymiz. Chunki, chegara hududiga borish va kirish har yerdagi bo‘lganidek ancha qiyin. Shu uchun ko‘chmansi turnalar masalasi eng oliy darajada ko‘tarilishi kerak. Shu uchun bu masala ko‘rib chiqiladi, degan umiddaman.