Shimoliy Koreya inqirozi: Kerri Seulda muzokaralar o‘tkazmoqda

Image caption Janob Kerrining tashrifidan oldin AQSh hukumati Shimol yadroviy kallakli raketani otishga qodir ekaniga oid hisobot chiqargan

AQSh Davlat Kotibi Jon Kerri Koreya yarim orolidagi chuqurlashib borayotgan tanglikni muhokama etish uchun Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan.

Janob Kerri tanglikni Prezident Pak Kin Xe va Koreya tashqi ishlar vaziri, hamda u yerdagi AQSh harbiy qo‘mondonlari bilan muhokama qiladi.

AQSh rasmiylariga ko‘ra, u Osiyo bo‘ylab safari chog‘ida Xitoyni Pxenyanga bosim o‘tkazishga chaqiradi.

Janob Kerrining tashrifidan oldin AQSh hukumati Shimol yadroviy kallakli raketani otishga qodir ekaniga oid hisobot chiqargan.

Mudofaa Josuslik Agentligi (DIA) chiqargan hisobotga ko‘ra, Pxenyan raketaga yadroviy kallak o‘rnatuvchi texnologiyani ishlab chiqqan.

BBCning Seuldagi muxbiri Jon Sadvortning aytishicha, bu kabi hujumni bartaraf qilish yo‘lida yillab diplomatik muzokaralar olib borilgan.

Unga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning bayonotlari quruq tahdid deya mensimay kelingan, ammo endi u yadroviy qurolga ega ekani borasidagi dalil-isbot yangicha strategik muammolarni uyg‘otadi.

Biroq, avvalroq Pentagon Shimoliy Koreya bu kabi qurollarni to‘la ishlab chiqqani va sinaganini aytish mubolag‘a bo‘lishini ham aytgandi.

Pentagon o‘z bayonotida vaziyatni yaqindan kuzatayotganini aytgan va Shimoliy Koreyani xalqaro majburiyatlarini hurmat qilishga chaqirgan.

Mintaqaviy dastak

Janob Kerri davlat kotibi etib tayinlanganidan beri ilk marta Osiyo bo‘ylab safar qilmoqda. Shanba kuni u Pekinga, yakshanba esa Tokioga tashrif buyuradi.

Uning safari Janubiy Koreya o‘zining shimoliy qo‘shnisi yadroviy sinovga tayyorlanayotganiga ishoralar tufayli o‘ta hushyor tortgan paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Pxenyan ikkita Musudan raketalarini o‘zining sharqiy qirg‘og‘iga joylashtirgan.

Ularning qanday masofaga uchishga qodirligi borasidagi o‘lchovlar turlicha, biroq ba‘zi bashoratlarga binoan, raketalar 4 ming kilometrga uchishga qodir.

Bu Guamdagi AQSh bazalarini ham xavf ostiga qo‘yadi. Ammo, Musudan raketalari avval sinab ko‘rilmagan.

Janob Kerri o‘zining uzoq rejalangan safari chog‘ida avvaliga prezidentning Ko‘k Uyida Pak xonim bilan uchrashadi, so‘ngra esa o‘z hamkasbi Yun Byun Se bilan muzokaralar olib boradi.

Kerri bilan safar qilayotgan BBCning Vashingtondagi muxbiri Kim G‘attasning aytishicha, Shimol bilan munosabatlarda diplomatiya ko‘p ish bermaydi, ammo Vashington bu tashrif bilan o‘z ittifoqchilari bo‘lmish Seul va Tokioni Amerika dastagiga ishontirmoqchi.

Ular raketa otilgan taqdirda qanday amal qilish va tanglikdan chiqish yo‘llarini muhokama qiladilar.

AQSh rasmiylari janob Kerri Pxenyanning eng so‘nggi ittifoqchisi bo‘lgan Xitoyga tanglikni aritish yo‘lida bosim o‘tkazishini aytganlar.

"Biz Xitoy qandaydir yo‘l bilan o‘z ta‘sirini o‘tkazishini xohlaymiz, aks holda bu vaziyat butun mintaqani beqarorlashtiradi", - deb aytgan janob Kerri uchoqdagi muxbirlarga.

"Xitoy uchun barqarorlik o‘ta muhim, Shimoliy Koreyaning to‘xtovsiz yadroviy qurolga intilayotgani esa ana shu barqarorlikning dushmanidir. Biz va Xitoy oramizda yagona maqsad bor, u ham bo‘lsa yadroviy qurollar tarqalishini to‘xtatish", - dedi Kerri janoblari.

AQSh Prezidenti Barak Obama Pxenyanni "harortani pasaytirish"ga chaqirgan va AQSh o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini aytgan.

Ayni damda Xitoy Shimoliy Koreya bilan chegarasiga o‘z qo‘shinlarini joylashtirgani borasidagi xabarlarni rad qilgan.

Pekindagi mudofaa rasmiysi Xitoy Koreya yarim orolidagi vaziyatni yaqindan kuzatayotgani va Shimoliy-sharqiy osiydagi tinchlik va barqarorlikni saqlab qolishga bel bog‘laganini aytgan.

Shimoliy Koreyada ayni damda aftidan bayromona kayfiyat hukm surmoqda. Dushanba kuni mamlakat ahli o‘z dohiysi Kim Ir Senning tug‘ilgani kunini nishonlaydi.

Ayni kunda yadroviy raketa sinovi ham amalga oshirilishi bashorat qilingan.