Sobiq Sho‘ro davlatlari "birinchi xonimlari" siyosiy sahnaning qayerida?

Image caption Mixail Gorbachev va Raisa Gorbacheva 1989 yil

Margaret Tetcher Mixail Gorbachev va uning rafiqasi Raisa bilan juda apoq-chapoq bo‘lgani ma‘lum.

O‘tmishda sirli tuyulgan Sho‘ro rahbarlari o‘z umr yo‘ldoshlari va oilalarini nazardan chetda saqlashgan. Ammo, sobiq Sho‘ro respublikalari "birinchi xonimlari" bugun qanchalar ko‘zga yaqin?

1980 yillar oxirlarida o‘ta did bilan kiyinadigan va gapga chechan Raisa Gorbacheva G‘arb matbuotining sevimli qahramoniga aylangandi.

Ammo, mamlakat ichkarisida ko‘plar uni xorijda mashhur qilgan jozibasini xushlashmasdi.

Gorbacheva xonimning ajoyibu g‘aroyib liboslari va ko‘pda matbuot diqqatida bo‘lgan yaltiroq qiyofasi nurab borayotgan kommunist mamlakatidagi reallikka qarama-qarshi qo‘yilardi.

Sho‘rolardan keyin Rossiya birinchi xonimiga aylangan Naina Yeltsina esa, u qadar ko‘zga yaqin emas edi. Ammo, uning ham o‘ziga xos qiyofasi va ovozi bor edi.

Qolgan Slavyan davlatlari prezidentlari rafiqalari esa, eski Sho‘ro an‘anasiga muvofiq kameradan uzoqroq turishni afzal bilishadi.

"Avtoritar monarx"

Lyudmila Putina omma qarshisidagi qiyofasini turmush o‘rtog‘ining Rossiya prezidenti sifatidagi global roliga solishtirish mushkul.

Image caption Vladimir Putin rafiqasi Lyudmila bilan so‘nggi bor 2012 yil qasamyod marosimida ko‘ringandi

Yaqinda uning surati jurnallardan biri yaltiroq muqovasini bezadi. Biroq, uch marta Rossiya birinchi xonimiga aylangan Lyudmila Putina omma ko‘z o‘ngida shu qadar kam ko‘rinish beradiki, 2012 yil mayida erining qasamyod qilish marosimida ishtirok etgani bo‘yi u o‘tgan mart oyi oxirlarida mukofot topshirish tantanasida paydo bo‘ldi.

Uning rasmiy marosimda kamnamoligi esa, matbuotda turlicha munosabatlaru mish-mishlar urchishiga sabab bo‘ladi.

Rossiyalik mustaqil jurnalist Mixail Fishmanning ta‘kidlashicha, Putina xonimning mamlakat birinchi xonimi o‘laroq hozirligi "nolga teng".

Uning fikricha, oila hukmdorga ochiq va aqlli qiyofa beradi. Shunday ekan, "Prezident Putin - avtoritar monarx o‘zini yagona va Xudodek qabul qilishlarini istaydi".

Yodda qolgan nutq

Ukraina prezidenti rafiqasi Lyudmila Yanukovich esa, qariyb ko‘zdan panada.

Xabarlarga ko‘ra, mamlakat birinchi xonimi turmush o‘rtog‘i rahbarligidagi partiya tayanch nuqtasi - Donetskda xilvatda yashaydi. U mintaqada o‘tkaziladigan tadbirlarda kamdan-kam ko‘rinish beradi, Kiyevga esa, deyarli kelmaydi.

Hatto, 2010 yil Viktor Yanukovich prezident etib saylanganida ham u sahnada yo‘q edi.

Lyudmila Yanukovich o‘zining eng yodga qolgan nutqini 2004 yil Norij inqilobi paytidagi namoyishda irod qilgandi. O‘shanda janob Yanukovich bosh vazirlik vazifasida va prezidentlik uchun bellashardi.

Image caption Lyudmila Yanukovich o‘zining eng yodga qolgan nutqini 2004 yil Norij inqilobi paytidagi namoyishda irod qilgandi

Lyudmila Yanukovich o‘z chiqishida raqib g‘arbparast jamloqni o‘z tarafdorlariga AQShda ishlab chiqarilgan kigiz etiklar va dori qo‘shilgan norinjlar tarqatayotganlikda ayblagandi.

Uning boshidagi qiyshiq bostirilgan bereti va dag‘al, g‘aliz jumlalari qariyb 10 yil o‘tib ham esga olinadi va mazax qilinadi.

Ukrainalik taniqli jurnalist Sergey Lechchenkoga ko‘ra, aftidan, aynan o‘sha nutq uning g‘oyib bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar siyosati ajralmas qismi bo‘lgan "birinchi xonim" tushunchasi hali sobiq Sho‘ro respublikalarida ildiz otganicha yo‘q. Chunki, bu davlatlar ko‘plab rahbarlari SSSR davrida dunyoga kelgan va o‘sha davr tarbiyasini olgan. Shunday ekan, ularning dunyoga qarashlari ham o‘xshash.

"Birinchi o‘g‘il"

Belaruslik mutaxassis Valeriy Karbalevichning aytishicha, "rahbarlar xotinlarini ko‘z-ko‘z qilmaslik" an‘anasi omma ongida chuqur iz qoldirgan.

Belarus - Sho‘ro usulida boshqariladigan avtoritar davlat. U yerda "birinchi xonim" yo‘q. Yaqin yillardan beri Prezident Lukashenkoga, hatto, rasmiy marosimlarda ham, uning o‘g‘li Nikolay hamrohlik qiladi.

Qasamyod marosimidan tortib, qator xorijiy safarlargacha bolakay otasining yonida turib beradi. Venesuelaning yaqinda olamdan o‘tgan rahbari Ugo Chavezni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimida ham u Prezident bilan birga edi.

Image caption Ota o‘g‘il...

Otasiga yonma-yon churq etmay turadigan, sariq soch va o‘ta po‘rim kiyingan Nikolay bugun qariyb birinchi xonim o‘rniga o‘rin sifatida ko‘riladi.

Muxolif vebsahifalari esa, janob Lukashenkoni tez-tez o‘zidan anchayin yosh ayollar qurshovida ko‘rish mumkinligini iddao qilishadi.

Sharqona paradoks

Qaytaga, anchayin an‘anador va patriarxal hisoblanadigan Markaziy Osiyo birinchi xonimlari anchayin faol deyish mumkin.

Image caption Tatyana Karimova Prezidentga xorijiy safarlarda hamrohlik qiladi

Ammo, O‘zbekiston birinchi xonimi Tatyana Karimova shaxsi bahsli va kazo-kazolar davrasini sevadigan to‘ng‘ich qizi Gulnoraning soyasida qolib ketgandek.

Shunga qaramay, Tatyana xayriya deya taqdim etiladigan ishlarda ishtirok etadi va ba‘zan turmush o‘rtog‘i Prezident Islom Karimov bilan rasmiy xorijiy safarlarga chiqib turadi.

Prezident Karimov O‘zbekistonni o‘ta qattiqqo‘llik bilan nazorat qiladi. Har qanday muxolif va yo o‘zgacha fikr bo‘g‘iladi. Bu taxlit nom chiqarishi uning oilasi va qudratiga soya soladi.

Qo‘shni Qozog‘iston birinchi xonimi Sara Nazarboyevaning rasmiy biografiyasiga qaralsa, u ko‘p yillardan beri xayriya loyihalarini boshqaradi va 6ta kitob yozishga ulgurgan.

Ozarbayjonning Mehribon Aliyevasi esa, aqlni shoshtiradigan darajada modaparast, sharqdagi birinchi xonimlar orasida eng mashhuri sifatida tilga olinadi.

Turli madaniy va "xayriya" dasturlari uning qo‘lidaligi bilan eri - Prezident Ilhom Aliyevni soyada qoldirishi aytiladi.

Image caption Mehribon Aliyeva Prezident eridan ko‘ra mashhurroq ekani aytiladi

Ammo, hukmdor oilaning qiyofasi o‘ta ehtiyotkorlik boshqariladi. Inson huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar esa, hukumatni demokratiyani bug‘ayotganlik va dissidentlarni qamoqqa tashlayotganlikda ayblaydi.

Ozarbayjon, shuningdek, Transperensi Interneshnl tomonidan korruptsiya darajasi yuqori davlatlar qatoriga kiritilgan.

Nima deyilmasin, shifokorlikdan ta‘lim olgan va hozir parlament a‘zosi Aliyeva xonim Yangi Ozarbayjon Partiyasida ancha faol. Bir necha yil muqaddam u 2013 yil turmush o‘rtog‘ining o‘rnini olishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar ham tarqalgandi. Ammo, hozir bu mish-mishlar ancha pasaygan.