Gulnora Karimova endi O‘zbekiston telekanallarini tanqid qildi

Image caption Gulnora Karimova Twitterda ancha faol

Prezident Karimov Moskva safarida ekan, uning Twitterda faol bo‘lgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova O‘zbekiston davlat telekanallarini tanqid qilgan.

Karimova xonimga ko‘ra, davlat telekanallari har doim bir xil va mazmunan qashshoq.

Telekanallar tanqidi bahona Gulnora Karimova ular uchun mas‘ul bo‘lgan Prezidentning Davlat maslahatchisi Hayriddin Sultonovga ham tegib o‘tgan.

Gulnora Karimovaning da‘vo qilishicha, janob Sultonov va yaqinda tayinlangan Madaniyat vaziri Minhojiddin Mirzolar Karimova xonimning Kelajak ovozi tashkilotini yopmoqchi bo‘lishgan.

Wikileaksdagi maxfiy hujjatlarda O‘zbekistonda nafrat nishonining qoq o‘rtasida turadigan Gulnora Karimova - she‘riyat, zargarlik, sport, yoga, qo‘shiqchilik, siyosat, moda sohalarida peshqadamlik da‘vogarligidan so‘nggi ikki uch oy ichida O‘zbekistondagi vaziru ulamolarni tap tortmasdan tanqid qiladigan tanqidchiga aylanib ulgurdi.

Twitlar

Twitterda faqat o‘ziga sodiq va o‘zini ulug‘laydigan folloverlarni qoldirib, sal boshqacha fikrlaydigan va yo noqulay savol so‘raydiganlarni blok qiladigan va aksariyat uchun qo‘shtirnoq ichidagi malikaning qahriga bu gal yozuvchi va o‘z otasining maslahatchisi Xayriddin Sultonov duchor bo‘ldi.

Ammo, Twitterdagi so‘nggi ma‘lumotlarga qaraganda, Gulnora Xayriddin Sultonovning po‘stagini qoqqan tvitlarini o‘chirib tashlagan.

Biroq, aytilgan so‘z, otilgan o‘q emasmi, bu tvitlar haqida yozgan kun.uz maqolasi hamon saytda - xullas, Karimova xonim avvaliga O‘zbekiston televizion kanallarini tanqid qiladi.

Xalq orasida seriallar va konsertlar uchungina ko‘riladigan va shundoq ham tuzukroq tanqiddan-da, past bo‘lgan bu kanallar haqida Prezidentning to‘ng‘ichi ayamay yozadi.

Yoshlar kanalini nishonga tutilgach, hali ishga tushganiga bir necha oy bo‘lgan ikki kanal "Madaniyat va ma‘rifat" va "Dunyo bo‘ylab" haqida - "Keyingisi - "Madaniyat va ma‘rifat". Ko‘rsatuv, ko‘rinishidan, bolalar uchun mo‘ljallangan, garchi… Nima haqida va nima uchun tayyorlanganini aytish qiyin… Musiqasi va grafikasi Angry Birds'dan va tekin!", - deb tvitlanadi Gulnora Karimov.

"Davom etamiz. "Dunyo bo'ylab" telekanaliga qaysi kun olmagin, faqat bir narsani ko‘rasan: 80-yillarning Gulliver haqidagi "yangi" filmi… Mana bu - dunyo haqida!" deb undov bilan qo‘shimcha qiladi Karimova xonim.

O‘zbekiston televizioni Davlat Maslahatchisi Xayriddin Sultonovning bevosita nazari ostida ekani aytiladi, Karimova xonim yozg‘irishda davom etadi:

"Janob maslahatchi Sultonov vaqtini ham ayamay, o‘zini ham ayamay, filmlarni qanday qilib pul sarflamasdan suratga olish kerakligini soatlab tushuntirib, ijodkor kishilarni to‘g‘ri tanlayapti. Faqat shunday qadamlar bilangina biz, jumladan, TV uchun ham haqiqiy mahsulot tayyorlaymiz va oxir-oqibat hammasiga erishamiz… va bepul ishlaymiz! Ura, o‘rtoqlar", - deb yozadi Gulnora Karimova.

Ammo, o‘z folloverlari nazarida haqiqatgo‘y, tanqidchilari nazarida esa, "aljirashdan sal yaxshiroq" tvitlar muallifi Karimova xonim Forum-TV, TVM va NTT faoliyati haqida ham savollarga javob berar ekan, bahonada yaqinda Madaniyat va sport ishlari bo‘yicha vazirlik kursisini egallagan shoir Minhojiddin Mirzo va Prezident Davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonovning faoliyatini nishonga oladi.

"…Kontent yillar davomida yaratiladi, ayniqsa, kinoda, yoshlar va iqtidorlilarni tor-mor qilinmaydi. Yangi vazir esa, tushunishimiz bo‘yicha, bir vaqtlar "Kelajak ovozi"ni yopmoqchi bo‘lgan Sultonovning aniq ko‘rsatmasi ostida xuddi shu ish bilan shug‘ullangan", - deydi u.

Tanqidlar ortida nimalar turibdi?

Avvalroq, Karimova xonim Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimovni ham tanqid qilgan edi. U Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri sifatida ko‘riladigan Azimovni korruptsiyada ayblagan. Xo‘sh, Gulnora Karimova Twitterda yuqori martabali o‘zbek mulozimlarini nishonga olayotgani ortida nimalar turgan bo‘lishi mumkin? BBC shu savol bilan jurnalist Sergey Yejkovni suhbatga tortdi:

Sergey Yejkov: Nazarimda, Gulnora Karimova o‘ylagan narsasini gapirayapti. Twitterda hamma xohlagan narsasini yozishi mumkin. Nima uchun bu tanqidlarning hozir paydo bo‘layotgani masalasiga kelsak, bu savolga Gulnora Islamovnaning o‘zigina javob bera oladi. Rustam Azimovga qarshi siz aytgan korruptsiya bilan bog‘liq ayblovlarni Gulnora Karimova ilgari surgani yo‘q. U, bilishimcha, faqat kimningdir xabarini retvit qilgan, xolos. Kimdir janob Azimovning bir necha milliardi borligi haqida yozgan, Karimova esa, bu xabarga ishora qilgan.

BBC: Hukumat doiralari yoki jamoatchilik orasida bu xabarlarga biron-bir shaklda munosabat bildirilayaptimi?

Sergey Yejkov: Yo‘q, Twitterdagi har bir xabarga munosabat bildirilishini kutish qiyin. Hamma xohlagan narsasini yozadi. Twitterning bor-yo‘g‘i o‘zi shundan iborat emasmi?

BBC: Ammo Gulnora Karimov oddiy Twitter foydalanuvchisi emas, u Prezident Karimovning qizi... Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumatning ishiga aralashish, sifatida ko‘rilishi mumkin emasmi?

Sergey Yejkov: Nima qipti? U ham boshqa odamlar kabi Twitterdan foydalanayapti, bunga haqqi bor. U hukumatning ishiga aralashayotgani yo‘q. Faqat o‘z munosabatin bildirayapti, xolos. Gulnora Karimovaning fikri Twitterdagi boshqalarning fikriga to‘g‘ri kelishi ham, kelmasligi ham mumkin.

BBC: Bu Gulnora Karimovani hech kim jiddiy qabul qilmayotganini anglatadimi?

Sergey Yejkov: Yo‘q, albatta. Ammo, bu tanqidlardan keyin bironta amaldorning boshi ketishini ham kutish qiyin. Bunday narsa yuz bermaydi, deb o‘ylayman. Gulnora Karimova Fond Forum vasiylik kengashi raisi hisoblanadi. Garchi, bu tashkilot rolini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinishlar bo‘layotgan esa-da, amalda Fond Forumni O‘zbekistonning na tashqi va na ichki siyosatiga ta‘sir ko‘rsatadigan tashkilot, deb aytgan bo‘lardim.