Amerikalik mulozim Toshkentda matbuot erkinligi ahamiyatini urg‘uladi

AQSh Davlat kotibining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Mayk Hammer Toshkentda matbuot erkinligiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazgan.

Anjuman "Davlat hokimiyati organlarining ochiqligi - jamoat nazoratini ta‘minlashning muhim sharti" deb nomlangan.

Davlat kotibi yordamchisi Mayk Hammer Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqil jurnalistlarni qo‘llab-quvatlaydi, deb aytgan.

"Biz ularni to‘rtinchi hokimiyat deb ko‘ramiz, ularning xabarlariga tayanamiz", deb aytgan janob Hammer.

Samarqandlik taniqli jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayevning Internetdagi o‘z blogida yozishicha, AQSh Davlat kotibi yordamchisi Mayk Hammer qonunlar qabul qilinishigina emas, hayotga tatbiq etilishi ham lozim deb aytgan.

"Qonunlarning hayotga joriy etilishigina ularning samarasini va xalq uchun foydasini namoyish etadi", deb aytgan janob Hammer.

AQSh davlat muassasalarining shaffofligi, so‘z va matbuot erkinligiga katta ahamiyat beradi. Anjumandagi chiqishimda, shuningdek talabalar va jurnalistlar bilan uchrashganimda hukumat uchun ommaviy axborot vositalari bilan ochiq ishlash muhimligini urg‘uladim. Hatto reportaj va materiallarda bizga nimadir yoqmasa ham, ular nuqsonlarni aniqlash, ularni bartaraf etib takomillashishimizga ko‘maklashadi", deb aytgan janob Hammer.

AQSh Davlat departamentining yillik hisobotlarida, shuningdek xalqaro tashkilotlar O‘zbekistondagi so‘z va matbuot erkinligi ahvoli abgorligini qayd etib keladilar.

Ayniqsa, 2005 yilgi Andijon xunrezligidan keyin O‘zbekiston hukumati mamlakatdagi mustaqil jurnalistlar, xalqaro ommaviy axborot vositalari muxbirlariga tazyiqlarni kuchaytirdi.

Jurnalistlar O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘ldilar.

Nufuzli axborot agentliklari, radio va nashrlarning Toshkentdagi vakolatxonalari O‘zbekiston qonunchiligini buzish vaji bilan bilan yopildi.

AQSh Davlat kotibining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Mayk Hammer 7 apreldan 14 aprelgacha Tojikiston va O‘zbekistonga safar qilishi xabar qilingan.

Janob Hammer 2012 yilning 30 martida AQSh Davlat kotibi yordamchisi sifatida qasamyodga keltirilgan.