Putin va Karimov "ittifoqchilik munosabatlari"ni eslashmadi

Image caption Prezident Karimov Putin bilan har qanday uchrashuv o‘ziga "xursandchilik bag‘ishlashini" aytgan

Kremlda o‘tgan muzokaralar chog‘ida Prezident Islom Karimov ekstremizm va terrorizm xavfidan ogohlantirgan va Rossiyaning mintaqada barqarorlikni saqlashdagi rolini alohida ta‘kidlagan.

Muzokaralar nihoyasida ikki tomonlama aloqalarga doir 4 ta hujjat imzolangan, ular orasida 2013-2017 yillarda iqtisodiy hamkorlikka doir bitim ham bor.

Rossiya matbuoti O‘zbekiston rahbari Qirg‘izistonning Rossiya sarmoyasi ishtirokida qurilishi rejalangan gidroinshoot loyixalari masalasini ko‘tarishi, shuningdek, Rossiya tomoni MTS masalasini kun tartibiga qo‘ygani haqida yozgan, ammo bu masalalar muhokama etilib-etilmagani noma‘lum.

Karimovning taklifi

Janob Karimov Rossiya rahbari Vladimir Putinni O‘zbekistonga taklif qilgan.

Kreml matbuot xizmati Islom Karimovning "biz sizni O‘zbekistonda kutib olish va mehmondo‘stligimizni namoyish etishdan mamnun bo‘lamiz", degan so‘zlarini keltiradi.

Prezident Karimov Putinga samimiy va ochiq muloqot uchun minnatdorchilik bildirgan.

U Putin bilan har qanday uchrashuv o‘ziga "xursandchilik bag‘ishlashini" aytgan.

O‘z navbatida Vladimir Putin O‘zbekistonni mintaqadagi muhim hamkor sifatida ko‘rishlarini aytgan.

Ammo avvalgi uchrashuvlardan farqli o‘laroq, bu safar Putin va Karimov "ittifoqchilik munosabatlari"ni urg‘ulashmagan.

Bu 75 yoshli O‘zbekiston rahbarining o‘tgan oy yurak xuruji kechirgani haqidagi xabarlar ortidan xorijga ilk safaridir.

Islom Karimov 2012 yilda Putin uchinchi muddatga Prezident etib saylanganidan buyon u bilan Kremlda ilk bor yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazgan.

"O‘xshash jihatlar"

Vladimir Putin 2000 yilda birinchi marta prezident etib saylangan payt ilk xorijiy safarini O‘zbekistondan boshlagandi.

Tahlilchilar har ikki rahbarning boshqaruv usulidagi o‘xshash jihatlarga e‘tibor qaratishadi.

Putin prezidentlik payti O‘zbekiston va Rossiya strategik hamkorlik va o‘zaro ittifoqchilikka doir bitimlari imzolashgan.

Ammo rasmiy Toshkentning so‘nggi qadamlari, xususan, uning MDH Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan chiqishi, kuzatuvchilarga ko‘ra, amalda bu bitimlarning ahamiyatini yo‘qqa chiqaradi.

Janob Karimov, shuningdek, Putinning uchinchi muddat prezidentligining bosh loyihasi deb e‘lon qilingan Avrosiyo Ittifoqi g‘oyasiga ham qarshi chiqqan.

Parijda yashayotgan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, bu qadamlar Prezident Putinning Karimovdan hafsalasini pir qilgan bo‘lishi mumkin.

"Putin bilan Karimov o‘rtasidagi munosabatlar shu paytgacha juda ham ishonchli edi. Chunki Karimov kuchli va avtoritar rahbarlarni hurmat qiladi, Putin ham Karimovdan ko‘p narsa o‘rgangan. Uning shaxsini bo‘lmasa-da, boshqaruv usulini hurmat qiladi. Ammo so‘nggi paytlarda Putinning Karimov haqidagi qarashlari evolyutsiyaga uchragan", - deydi O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutining sobiq xodimi.