Rossiyada Markaziy Osiyo bilan viza tartibi chaqiriqlari

Image caption Janob Rogozinga ko‘ra, MDH fuqarolari kirishini tartibga solish vazifasini Prezident Putin qo‘ygan.

Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Rogozin Rossiya shu yil xorijiy pasportlar bilan mamlakatga kirish tartibi joriy etilishi mumkinligini aytarkan, Rossiyaning bir necha joylarida Markaziy Osiyo bilan viza tartibini kiritish talabi bilan namoyishlar uyushtirilgan.

Ayni paytda Rossiya Chegara xizmati Tojikiston bilan temir yo‘l qatnovini to‘xtatish taklifi bilan chiqqan.

Bu Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Rogozinning Tojikistondan kelayotgan yo‘lovchi tashish poyezdlari talabga javob bermasliklari bois chora ko‘rish talabiga javob bo‘lgan.

14 aprel kuni Bosh vazir o‘rinbosari janob Rogozin Rospotrebnadzor tashkiloti rahbari Gennadiy Onishenko bilan Tojikistondan Rossiyaga borayotgan va Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi Aksarayskaya temir yo‘l stantsiyasida to‘xtatilgan yo‘lovchi tashuvchi poyezdni tekshirib chiqqanlar.

Poyezd vagonlari va oshxonasi ichidagi ahvoldan darg‘azab bo‘lgan yuqori lavozimli mulozimlar bu poyezdni Rossiyaga kiritib bo‘lmaydi, degan qarorga kelganlar.

Janob Rogozin so‘zlariga ko‘ra, Tojikistondan kelayotgan bu poyezd "butun millatning sanitar salomatligiga tahdiddir".

Chegara xizmatining Tojikiston tarafi poyezdga bog‘liq kamchiliklarni bartaraf etguncha temir yo‘l qatnovini to‘xtatib turish taklifiga Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari "Tojikiston bilan temir yo‘l qatnovini to‘xtatish emas, tartibga solish kerak", deb aytgan.

Shu kuni Rossiya ommaviy axborot vositalari Bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Rogozinning 2013 yilning o‘zida MDH fuqarolari uchun xorijiy pasport bilan Rossiya hududiga kirish tartibi joriy etilishi haqidagi so‘zlari haqida xabar tarqatdilar.

Bosh vazir o‘rinbosari aytishicha, o‘tgan yili Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2015 yildan kechiktirmasdan MDH mamlakatlari fuqarolarining Rossiyaga o‘z shaxslarini tasdiqlaydigan hujjatsiz kirishlari oldini olish talabini qo‘ygan.

"O‘ylaymanki, tez orada shaxsini tasdiqlamaydigan hujjat bilan Rossiyaga kirishni to‘xtatish kerak", deb aytgan janob Rogozin.

Rossiya Bosh vazirining ushbu bayonoti O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvaga yetib borgan kuni yangragan.

Shu kuni Rossiyaning bir necha shaharlarida Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish talabi bilan bir necha namoyish tashkil etilgani haqidagi xabarlar yangragan.

Shulardan biri Moskvaning Suvorovskaya maydonida bo‘lib o‘tgani, bu namoyishda 700 ga yaqin kishi qatnashgani haqida ma‘lum qilgan "Fergana.ru" axborot agentligi.