O‘XH Rossiyaga: Islom Karimovni qo‘llab-quvvatlamang!

Image caption Muzokaralardan oldin Prezident Islom Karimov Moskvadagi Noma‘lum askar qabriga gulchambar qo‘ydi.

Muxolifatdagi O‘zbekiston Xalq Harakati Prezident Islom Karimovning Moskvaga safari munosabati bilan Rossiya rahbariyatiga murojaat e‘lon qilgan.

O‘zbekiston Xalq Harakati bayonotida aytilishicha, O‘zbekistondagi Islom Karimov xukumati qonuniy emas, bu hukumat o‘zbek xalqining milliy irodasini ifodalamaydi.

"Rossiya hukumatini ushbu diktaturani hech bir shaklda qo‘llab quvvatlamaslikka, aksincha xalqaro siyosatdagi ta‘siridan foydalanib, ushbu diktaturaning tugatilishiga o‘z hissasini qo‘shishga chaqiramiz", deyiladi O‘zbekiston Xalq Harakatining web-saytida e‘lon qilgan bayonotida.

Ayni paytda O‘zbekiston Xalq Harakati Kreml rahbariyatini Prezident Karimov bilan muzokaralar payti O‘zbekistondagi inson huquqlari qo‘pol poymol etilayotgani masalasini kun tartibiga qo‘yishga chaqiradi.

Xalqaro tashkilotlar Rossiya rahbariyatining o‘zini inson huquqlarini buzishda ayblab keladi.

Shu kecha-kunduzda AQSh bilan Rossiya o‘rtasida Magnitskiy va aksilmagnitskiy ro‘yxatlari mojarosi yuzaga chiqqan.

Shunday bir paytda Vladimir Putin hukumatidan O‘zbekistondagi inson haqlari masalasi muzokaralar mavzusiga aylantirilishini kutish mumkinmi?

BBC ushbu savol bilan O‘zbekiston Xalq Harakati yetakchilaridan biri Namoz Normo‘minga murojaat etdi.