Afg‘onistondagi qudratli qo‘mondonlar tokdan qancha qarz?

Image caption Afg‘onistonlik mas‘ullar qudratli qo‘mondonlarni tok haqqini yilab to‘lamaslikda ayblashadi

Deylik, Afg‘oniston shimolidagi qudratli qo‘mondonlardan bo‘lgan "general Abdulrashid Do‘stumning elektr tokidan qarzdorligi 200.000 AQSh dollariga yetibdi".

Bu haqda "Reuters" axborot agentligi davlat mas‘ullariga tayanib, xabar tarqatgan.

Afg‘oniston Davlat Energiya shirkati yuqori martabali mulozimi Mirvays Alamiyning aytishicha, mamlakatdagi qudratli qo‘mondonlardan elektr haqqini undirib olish yillarga cho‘zilishi mumkin.

Janob Alamiyga ko‘ra, "tokini kesib qo‘yib, general Do‘stumni qarzini to‘lashga majbur qilmoqchi bo‘lishgan. Ammo, oradan bir necha soat o‘tmay, boshqa birov orqali yana ulatib olgan".

"Men ushlagan joyimni kesmay qo‘ymayman. O‘zi bo‘lmasa, kerak bo‘lsa, o‘g‘li to‘laydi", deydi Afg‘oniston Energiya shirkati vakili.

Mavjud muammo bugunning gapi emasligini ta‘kidlagan mahalliy tahlilchilarga ko‘ra esa, elektr tokidan qarzdor bitta general Abdulrashid Do‘stum bo‘lmay, yolg‘iz uning nomini mediaga olib chiqish to‘g‘ri ish emas.

"General Do‘stum elektr toki haqqini to‘lamagan birinchi va oxirgi ham kishi emas. Mavqei undan yuqoriroq va pastroq bo‘lgan odamlarning orasida ham bundaylar ko‘p. Butun Afg‘oniston nazarda tutilganda, ularning sonlarini yuzlarcha deyish mumkin", deydi mamlakat shimolidan bo‘lgan iqtisodiy tahlilchi Humoyun Ehson:

Agar, tahlilchining so‘zlariga tayanilsa, qarzdorlar orasida huquq va hokimiyat tizimlarida band bo‘lgan insonlar ham bor.

"Bunga faqat ularning qudrati sabab emas. Taassuflar bo‘lsinkim, Afg‘onistonda davlat mulkiga tekin deb qarash kabi bir yomon axloq shakllangan. Shuning uchun ham, uning haqqini to‘lashni o‘zlariga or bilishadi", deydi u.

Agar, "Reuters" axborot agentligi keltirayotgan ma‘lumotlarga tayanilsa, afg‘on davlat shirkati tokini kesib qo‘yib, mingta qarzdorni qarzini to‘latishga muvaffaq bo‘lgan.

Ayon bo‘lishicha, ulardan olingan haq oz emas, ko‘p emas – 230 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Shuning o‘zi anchayin ijobiy o‘zgarish ekanini ta‘kidlayotgan shirkat vakillarining qiyoslariga qaralsa, deylik, uch yil burun berayotgan toklarining yarmidan ko‘prog‘i havoga ketgan.

Afg‘oniston elektr energiyasining 80 foizini chetdan, asosan o‘ziga qo‘shni bo‘lgan O‘zbekistondan sotib oladi.

Ular tok haqqini vaqtida undirib olishmasa, butun Afg‘oniston bo‘ylab elektr ta‘minotida jiddiy uzilishlar yuz berishidan xavotirdalar. Chunki bu kabi holat so‘nggi yillarda, hatto, poytaxt Kobulga ham kirib kelgan.