FQB Bostondagi "terror" portlashlarini tekshirmoqda

Boston marafoni yakunida ro‘y bergan ikki portlash yuzasidan tekshirish ishlari davom etmoqda.

Portlashlar oqibatida uch kishi qurbon bo‘lgan va yuzdan ortiq kishi jarohatlangan.

Federal Qidiruv Byurosi tekshiruvlar nazoratini o‘z zimmasiga olgan va portlashlar "ehtimoliy terrorchilik amali" o‘laroq qabul qilinayotganini bildirgan.

Boston politsiyasi hozirda barcha ta‘tillarni bekor qilgani va surunkasiga ishlayotganini ma‘lum qilgan.

Kamida 17 kishining jarohati og‘ir ekani aytilmoqda.

Prezident Barak Obama televizion murojaatida ayni hujumga ma‘sullar topilishi va adolat hukmiga havola etilishini urg‘ulagan.

"Biz bu portlashlar ortida kimlar turganini topamiz, ular nima uchun bu amalga qo‘l urganini aniqlaymiz", deb aytgan Obama janoblari.

"Ayni amallarga ma‘sul har qanday shaxs va yo guruh to‘laligicha qonun oldida javob beradi", degan Amerika rahbari.

Obama janoblari "terrorizm" kalimasini ishlatmagan bo‘lsa ham, kechroq Oq uy voizi "bir necha portlovchi uskuna bilan bog‘liq bu amal – terror amali, unga terror amali o‘laroq munosabat qilinadi", deb aytgan.

Marafonda portlash

Image caption Odamlar sarosimada

Ilk portlash mahalliy vaqt bilan 14:50 da ro‘y bergan. Ikki soat avval g‘oliblar marafon yakuni chizig‘idan o‘tishgan bo‘lgan.

Odamlar vahimaga tushishgan. Ayrim yuguruvchilar yiqilganlar. Politsiya va tomoshabinlar yordamga shoshilishgan.

Oradan lahzalar o‘tib ikkinchi portlash ro‘y bergan.

Bu gal portlash tomoshabinlarga yaqin, marafon yakunidan nariroqda sodir bo‘lgan.

Televizion lavhalarda qonga belangan yuguruvchilar va tomoshabinlar ko‘rsatilgan.

Qutqaruvchilar tomoshabinlar va marafon yo‘lagini ajratib turgan muvaqqat panjara to‘siqlarni sindirib yordamga shoshilganlar.

Ilk matbuot anjumanida Boston politsiyasi rahbari Edvard Devis "mulozimlarga bu voqea ro‘y berishi ehtimoli yuzasidan hech qanday josuslik ma‘lumoti ma‘lum bo‘lmaganini " aytgan.

U bostonliklarni imkon qadar uyda bo‘lib turish va odamlar to‘planadigan yerlardan uzoqroq yurishga da‘vat qilgan.

Ikkinchi matbuot anjumanida u qurbonlar soni uch nafar bo‘lgani va portlashlar yuzasidan hech kim hibsga olinmaganini aytgan.

Massachusets gubernatori Deval Patrik yuzdan ortiq inson jarohatlangani va ayrimlarning vaziyati og‘ir ekanini ma‘lum qilgan.

Boston marafoni dunyoning eng qadim marafonlaridan biri sanaladi.

Amerika sport o‘yinlarida Super Bouldan keyin ikkinchi yirik marosim sanalgan marafonni mamlakat mediasi keng yoritib keladi.

Britaniyada ham Yakshanba kuni kechadigan London marafonida xavfsizlik choralari qayta ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Hurmatli o‘quvchilar!

Siz Bostondagi portlashlar shohidi bo‘lsangiz biz bilan bog‘lanishingiz mumkin. Shahardagi so‘nggi vaziyat haqida taasurotlarini va hikoyalarni o‘rtoqlashish niyatida bo‘lganlar uchun telefonimiz: +44(0) 20 361 43711. Email: uzbek@bbc.co.uk