O‘zbekiston: Davlat mulkingni buzsa, dodingni kimga aytasan?

  • 16 Апрел 2013
Image caption Toshkentda ko‘payib ketgan mashinalarni saqlash muammoga aylangani aytiladi

"Sizga tegishli temir garajni 3 kun ichida ko‘chirishingizni so‘raymiz".

Toshkentlik ko‘plab minglab garaj egalari ana shunday mazmunda xat olishgan.

Aslida bu so‘rov xati emas ogohlantirish va garajni qayerga ko‘chirish ham noma‘lum. Ko‘plab garaj egalariga ko‘ra, ularga tovon puli ham to‘lanmayapti.

"Biz bir oy oldin e‘lon qilgandik. Hamma garajlarni sekin sekin o‘zlaring ko‘chiringlar, deb aytganmiz" - deydi "Bog‘ishamol" mag‘alla yig‘inidan o‘zini kotiba deya tanishtirgan suhbatdoshimiz - "Uch kun ichida yig‘ishtirilsin, degan qaror chiqdi. Qaror hokimiyatdan kelgan".

Ma‘lum bo‘lishicha, ayni buzish tadbiri poytaxtning ayrim tumanlarida kechmoqda. Kelasi ikki yil ichida esa Toshkentdagi 40 mingdan ortiq garaj buziladi.

"Qonuniy qurilgan garajlar uchun boshqa joy ajratiladi va yo tovon puli to‘lanadi" - deydi toshkentlik huquq faoli Surat Ikromov - "Lekin noqonuniy qurilgan imorat va garajlar xavfsizlik nuqtai nazaridan ham buzilishi kerak, deb qaror qilingan".

Ammo odamlar tovon pulidan darak yo‘qligini va qachon yangi avto turar joylar barpo etilishi noma‘lum qolayotganini aytadilar.

Hozir Toshkentda avtomobillar ko‘payib ketgani va shaharda ularni saqlash va hatto to‘xtatish ham ayrim hollarda muammoviy bo‘layotgani aytiladi.

Toshkentdagi mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov ham ikki yil oldin 350 AQSh dollariga sotib olgan garaji buzilganini, hozir o‘zi yashaydigan mavzeda yarim mingga yaqin garaj yo ko‘chirilib, yo buzilganini aytadi.

"Ko‘p qavatli uylarning oldida hozir mashinalarimiz juda to‘lib ketgan. Men 9 qavatli uyning oldida yashayman, oldimizda kechasi 50 dan oshiq mashina bo‘lib ketadi. Chunki har bitta xonadonda avtoulov bor va garaj yoo‘qligi o‘ziga xos muammolarni keltirib chiqarmoqda", - deydi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekiston zilzila yuz berib turadigan seysmik hududda joylashgan. Shu bois odamlar ikkita balkon o‘rtasini birlashtirib oshxona qurib olishlari va deraza o‘rinlarini ochib olayotganlari yer qimirlaganda uylar bapdosh berolmaydi, degan xavotirlarni yuzaga keltirgandi.

Ko‘p qavatli uylar oldidagi garaj va boshqa binolar esa yong‘in kabi holatlarda ko‘mak yoki qutqaruv ishlarini olib borishga ham xalal berishi aytiladi.

Ayni paytda, aholining o‘z shaxsiy avtomobillarini saqlashi uchun avto turar joylar va maxsus garajlar yetishmaydi.

"Shikoyatchiga bir miri ham berilmaydi"

Xabarlarga ko‘ra, qator fuqarolar qonunga zid tarzda atigi bir necha kun qolganda garajlarni buzish talabi va uning narxini qoplamaydigan arzimas tovon puli ustidan shikoyat qilishga harakat qilishmoqda.

Ammo ularning biron natijaga erishishlari ma‘lum emas. Odatda, turli loyihalar va obodonlashtirish bahonasida uylari buzilgan shaxslar uylarining bozor narxini qoplaydigan va yo oila ehtiyojlariga javob beradigan tovon puli yoki boshqa uy-joy berilmagani haqila shikoyat qilishgan.

Hozir esa ayrim hollarda buzilgan garajlar uchun 200 AQSh dollariga teng miqdorda pul berilishi mumkin. Lekin ba‘zi temir garajlar narxi 300 AQSh dollaridan boshlanib, 2 ming dollargacha yetadi.

Uzmetronom.kom saytining yozishicha shu kunlarda Bo‘stonliq tumanining Toshkent-Chorvoq trassasi bo‘yida joylashgan uylarni ham buzish boshlangan. Uy egalariga 350 va 1750 AQSh dollari oralig‘ida buzilgan mulk uchun tovon puli berilishi ma‘lum qilingan.

Norozi bo‘lib shikoyat qilganlarga esa. hatto ana shu pulni bermaymiz, deb tahdid qilishgan.

Websahifadagi maqolada yozilishicha, bu pulga hozir O‘zbekistonda poydevor ham tashlolmaysiz.