"Bahodir chempionlik kamarini osonlik bilan berib qo‘ymaydi"

O‘z vaqtida Bahodir Mamajonovga murabbiylik qilgan Uyg‘un Siddiqov bokschi shogirdining professional ringda erishgan olamshumul g‘alabasiga ana shunday munosabat bildirdi:

Bahodir Mamajonov kuni-kecha Amerikada bo‘lib o‘tgan jangida kubalik raqibi Anjelo Santanani texnik nokautga uchratib, WBA tasnifida yengil vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgandi.

Las-Vegasning Treasure Island Casino arenasida bo‘lib o‘tgan 12 raundlik jang to‘qqizinchi raunddayoq yakun topgan va so‘nggi jangiga qadar kuragi yerga tegmagan Santanaga o‘z mag‘lubiyatini tan olishdan boshqa chora qolmagandi.

"Bahodir hozir professional janglarida mustahkam ishtirok etmoqda. U o‘zining irodasi, mehnati bilan hali jahon chempionligi kamarini bir emas, bir necha bor himoya etadi, chempionlik maqomini osonlik bilan berib qo‘ymaydi", deydi o‘zbekistonlik taniqli murabbiy.

Uyg‘un Siddiqov shogirdining judayam intizomli, mehnatkash va irodali bokschi ekanini alohida ta‘kidlaydi.

"Hali armiyada xizmat qilib yurgan paytida biz u bilan Hindistonga birga borganmiz. Umumjahon harbiy-sport o‘yinlarida birinchi o‘rinni olib, muxlislaru hammada juda yaxshi taassurot qoldirgandi. O‘shandayoq, "Hali bu bolaning kelajagi juda porloq", deb aytganman...".

Farg‘ona boks maktabi vakili bo‘lgan 25 yoshli Bahodir Mamajonov 61.2 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ringga tushib keladi va havaskor boksda turli nufuzli xalqaro turnirlar g‘olibi ham sanaladi.

Bahodir shu paytgacha professional ringda 14 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning faqat bittasida durang natija qayd etgan. Qolgan barchasini g‘alaba bilan yakunlagan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, so‘nggi yutug‘i ortidan, Muhammad Ali, Mayk Tayson kabi afsonaviy bokschilarni yetishtirgan mashhur promouter Don King Bahodirga o‘zi bilan birga ishlashni taklif qilgan.

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, Bahodir professional boksda jahon chempionligi maqomini qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik ilk bokschi emas.

Deylik, o‘zbekistonlik dongdor bokschi Artur Grigoryan o‘zining 10 yillik professional karerasida WBO tasnifida yengil vazn toifasida 17 karra jahon chempionligi kamarini himoya etishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, yana bir nomdor bokschisi Ruslan Chagayev 2007 yilda WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan.