Olimjon To‘xtaoxunov, "Tayvanchik"ka qarshi AQShda jinoiy ish ochildi

Image caption Olimjon To‘xtaoxunov 1949 yili Toshkentda tug‘ilgan.

AQShda "Tayvanchik" nomi bilan mashhur, kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan jinoiy avtoritet Olimjon To‘xtaoxunovga qarshi jinoiy ish ochildi.

Hozirda Rossiyada yashashi aytilgan To‘xtaoxunovga noqonunuiy pullarni yuvish va qimorbozlik tizimini tuzishda sirtdan ayblovlar ilgari surildi.

Manxetten federal prokurorining ma‘lum qilishicha, ushbu jinoiiy ish bo‘yicha ayblovlar hammasi bo‘lib 34 kishiga nisbatan qo‘yilgan.

Ulardan 29 nafari shu vaqtgacha Nyu York, Filadelfiya, Detroyt va Los-Anjeles shaharlarida hibsga olingan.

Olimjon To‘xtaonxunov doxil yana 4 kishining qochuvda ekanligi aytilmoqda.

Tekshiruvchilarga ko‘ra, Tayvanchik-Trincher tashkiloti" deya yuritilgan jinoiy guruhga Moskvada yashovchi Olimjon To‘taoxunov, 52 yoshli Nyu-Yorklik Vadim Trincher va va 56 yoshli Anatoliy Golubchik rahbarlik qilganliklar.

Ayblov xulosasida aytilishicha, ushbu uyushgan jinoiy guruh Moskva, Nyu-York va Kiyevda qarorgohlarga ega bo‘lgan va xalqaro miqyosda faoliyat yuritgan.

"Olimjon To‘xtaoxunov "qonundagi o‘g‘ri" bo‘lib, jinoyat olamida katta obro‘ga ega va Tayvanchik-Trincher tashkilotiga ko‘mak berib, himoya ostida ushlagan", deyishmoqda qoralovchilar.

Uyushgan jinoiy guruh a‘zolarining aksari sobiq Sovet Ittifoqi davrida tug‘ilgan va mintaqa davlatlari bilan yaqin aloqlarni saqlab qolganlar. Ular jinoiy faoliyat ortidan topgan pullarini u yerga olib borib ko‘pda ko‘chmas mulk sotib olish bilan shug‘ullanganlar.

Ayblovlarda aytilishicha "Tayvanchik" qimorbozlik tizimidagi o‘zaro bahslarni "echib berish xizmati" evaziga 2011 yil yanvar oyidan 2012 yil yanvar oyigacha tashkilotdan 10 million dollar to‘lov olgan.

Shuningdek, "Tayvanchik"ning Rossiyadan tashqariga juda kamdan-kam safar qilishi, 2002 yili huddi shu mahkama unga qarshi Qishki Olimpiada o‘yinlari davrida hakamlarga pora berishga harakat qilishda ayblagani aytilgan.

Ushbu ayblovdan so‘ng To‘xtaoxunov 2003 yil Italiyada hibsga olindi, lekin keyinchalik mahalliy mahkama uni AQShga ekstraditsiya qilmaslik haqida hukm chiqardi.

"Tayvanchik-Trincher uyushmasidan tashqari" prokurorlar yana qator jinoiy bo‘linmalar faoliyat yuritganini ham ma‘lum qilishgan.

Prokuraturaga ko‘ra, Olimjon To‘xtaoxunov, Vadim Trincher va Golubchiklarga 90 yilgacha qamoq jazosi va 1.75 million dollar jarima solinishi mumkin.

Olimjon To‘xtaoxunov 1949 yili Toshkentda tug‘ilgan.

Yoshligida "Paxatkor" futbol jamosining o‘smirlar guruhida bir muddat to‘p tepgan.

Sho‘rolar davridayoq ikki marotaba 1972 va 1985 yillari turli qamoq jazolariga hukm qilinib, keyinchalik ozod etilgan.