Britaniya: Margaret Tetcherning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi

O‘ta kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida bo‘lib o‘tgan dafn marosimi ortidan, britan sobiq Bosh vazirining jasadi krematsiya etiladi.

Dafn marosimida Uinstona Cherchilnikidan keyin ilk marotaba Qirolicha Yelizaveta Ikkinchi ham ishtirok etgan.

Britaniyaning amaldagi Bosh vaziri Devid Kameron bugungi dafn marosimi bilan "Buyuk Bosh vazir ruhiga loyiq darajada hurmat bajo aylash"ganini ta‘kidlagan.

Sobiq Britaniya Bosh vazirining dafn marosimi britan vaqti bilan soat 11:00 da boshlandi.

Marosimning tinch o‘tishi uchun kuchli xavfsizlik choralari ko‘rilgan va 4.000 dan ortiq politsiya xodimlari jalb etilgandi.

Tetcher xonimning jasadi Vestminsterdan London markazi osha olib o‘tiladi va Avliyo Pavel ibodatxonasiga keltirildi.

Sobiq britan Bosh vazirining dafn marosimida dunyoning 170 davlatidan ikki mingdan davlat rahbarlari, Bosh vazirlar va tashqi ishlar vazirlarining ishtirok etishdi.

"Temir xonim" bilan vidolashish uchun yana minglab londonliklar ko‘chalarga ham chiqishgan.

Margaret Tetcherning tobuti avliyo Pavel ibodatxonasidan olib chiqilgach, hamma asta-sekinlik bilan tarqalgan.

Tetcher xonimning jasadi kuydirish uchun endi London janubi-g‘arbidagi Mortleyk krematoriysiga olib ketilgan.

Jarayonga faqat uning yaqinlari va do‘stlari taklif etilganlar.

Shundan so‘ng, sobiq Bosh vazirning hoki turmush o‘rtog‘ining qabri yoniga qo‘yilishi aytilmoqda.

Tetcher xonim Britaniyaga 1979 yildan 1990 yilgacha Bosh vazirlik qilgan.

U Britaniya tarixidagi hozircha yagona ayol Bosh vazir sanaladi.

Margaret Tetcher 8 aprel kuni 87 yoshida miyasiga qon quyilishi natijasida hayotdan ko‘z yumgandi.

Tetcher xonim siyosiy merosiga bir nazar...

"Odmiroq dafn marosimi"

Margaret Tetcher sobiq Bosh vazir ekaniga qaramay, uning sharafiga davlat miqyosida dafn marosimi uyushtirilmadi.

Uning ruhiga harbiycha izzat-hurmat ko‘rsatildi. Buning nufuzi esa, biroz pastroq sanaladi.

Britaniya tarixida Tetcher xonimgacha biror bir Bosh vazirning o‘limi bu kabi bahsu munozaralar va qarama-qarshi fikrlarga sabab bo‘lmagan.

Britan aholisi orasida u yuritgan siyosatdan hanuz alamzada bo‘lgan insonlar ozmuncha emas.

Shu sababdan ham, Tetcher xonimning dafn marosimi chog‘ida Britaniyaning istalgan burchagida namoyishlar uyushtirilishi mumkinligi aytilgandi.

London politsiyasining bildirishicha, yo‘l-yo‘lakay kichik-kichik norozilik chiqishlari kuzatilgan. Ammo biror bir jiddiy tartibsizliklar yuz bermagan.

BBC muxbiriga ko‘ra, dushanba kuni Amerikaning Boston shahrida amalga oshirilgan qo‘shaloq portlash bugungi dafn marosimi uchun rejalangan xavfsizlik choralariga jiddiy ta‘sir qilmagan.

Ammo politsiya kuchlari va aholining yanada hushyorroq bo‘lishlari kutilgandi.

Politsiyaga, "tahdid qilgan, haqoratli so‘z qo‘llagan yoki o‘zini nomaqbul tutgan" har qanday kishini hibsga olish huquqi ham berilgandi.

Tetcher xonimning britan bayrog‘iga o‘ralgan tobuti seshanba kuni tunda Vestminster saroyi ibodatxonasiga qo‘yilgan va oila a‘zolari, parlament a‘zolari hamda hukumat vakillari ishtirokida qisqa dafn marosimi o‘tkazilgan.

Avliyo Pavel ibodatxonasidagi asosiy marosim ortidan esa, Margaret Tetcherning jasadi krematsiya etiladi.

Dafn marosimi chog‘ida Big Ben soatlari ham sukut saqladi.