Takilantni tekshirmagan shved bankiga jarima solindi

Image caption Tovus pari ortida Gulnora Karimova. Lekin, Takilant ortida kim bo‘lgan?

Skandinaviyadagi eng yirik bank Nordeyaga O‘zbekiston fuqarosi Gayane Avakyanga hisob raqamini ochishdan avval, bu mijoz kimligini yetarlicha tekshirmagani uchun jarima solingan. Jarima qariyb besh million dollarga teng.

Shvetsiya prokuraturasi Avakyan xonim egalik qiluvchi Takilant shirkatini TeliaSonera telekom shirkatidan pora olishda shubha qilmoqda.

Takilantga to‘langan puldan aslida Gulnora Karimova foyda ko‘rgani va unga yaqin bo‘lgan Avakyan xonim faqat qog‘ozda Takilantning egasi bo‘lgani da‘vo qilinadi.

Shvetsiyaning Sveriges Television - SVT telekanali kundalik dasturiga ko‘ra, Shvetsiya-Finlandiya mobil aloqa shirkati Teliasonera O‘zbekistonda 4G litsenziyasidan foydalanish huquqini sotib olish uchun Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan Takilant shirkatiga 370 million Shved kroni(55 million AQSh dollari) to‘lagan.

O‘tgan yil kuzida Nordeya bankidagi Takilant hisob raqami muzlatib qo‘yilgandi. Bu hisobda 30 million dollar saqlanadi.

BBC bu tergovni boshlab bergan jurnalistlardan biri Ola Vesterberg bilan bog‘lanib, Nordeyaga solingan jarima tafsilotini so‘radi.

Vesterberg: Shimoliy Ovro‘podagi eng yirik bank hisoblanmish Nordeya bankiga 30 million shved kronasi hisobida jarima solindi. Jarima uning o‘z mijozlari kimligini bilmagani va hisob egalari pul yuvish-yuvmasligi yoki terrorizmni moliyalamasligini yetarlicha tekshirmagani uchun solingan. Banklarni nazorat qiladigan hukumat muassasasi bir necha yil avval Nordeyani o‘z tekshiruv usullarini charxlashi kerakligini aytib ogohlantirgandi. Lekin, bank buning uddasidan chiqmagani xulosa qilindi. Aniqlanishicha, Nordeya nafaqat bu bank hisobi, balki 160 mingta mijozining aslida kimligini bilmas ekan. Demak, Nordeya o‘z mijozlari pul yuvish bilan shug‘ullanayaptimi, yoki terrorchilikni moliyalayaptimi - buni bilmaydi.

BBC: Demak, Gayane Avakyan Nordeya bankida hisob ochganida, bank uning kim ekanini tekshirishi kerak bo‘lgan, shundaymi?

Image caption Gayane Avakyan Gulnora Karimovaning "o‘ng qo‘li" deya tanilgani aytiladi.

Vesterberg: Ha, shunday. Ovro‘po Ittifoqi qonunchiligiga ko‘ra, bank nafaqat hisob raqamining qog‘ozda yozilgan egasi kimligini, balki kim bu hisobdan foyda ko‘rishini yoki ko‘ra bilishi mumkinligini bilishi shart. Bank nazorati idorasi Takilantga hisob qanday ochilganini tergov qilganida shu aniq bo‘ldiki, Nordeya Takilant egasini "o‘rtacha risk" deya qayd qilgan. Aslida bu "yuqori risk" mijoz bo‘lishi kerak ekan. Chunki, bank nazorati idorasiga ko‘ra, mijoz dunyodagi eng korruptsiyaga botgan mamlakatlardan biri - O‘zbekistondan bo‘lgan. Takilant hisob raqamini ochganida, uning egasi va ehtimoliy foyda ko‘ruvchisi O‘zbekistondan bo‘lgani tufayli, bankning "xavotir qo‘ng‘iroqlari" yangrashi kerak bo‘lgan.

BBC: Demak, O‘zbekistondan bo‘lgan xar bir shaxs Nordeyada hisob raqamini ochsa, u "yuqori risk" deb ko‘riladimi?

Vesterberg: Ha, agar siz O‘zbekistondan bo‘lsangiz va Shvetsiyada hisob raqamini ochmoqchi bo‘lsangiz va shirkat yuritayotgan bo‘lsangiz, bank sizga nisbatan juda ehtiyotkor bo‘lishi kerak bo‘ladi va sizni tubdan tekshirishi kerak bo‘ladi.

BBC: Bu 30 million krona, AQSh dollarida 4.7 million dollar jarima, qanchalar katta jarima deyish mumkin va Nordeya uchun u nimani anglatadi?

Vesterberg: Bunday ishlarda solinishi mumkin bo‘lgan maksimum jarima - 50 million krona yoki bank pul aylanmasining 10 foizi. Shunday ekan, Nordeyaga bundanda yuqori jarima solinishi mumkin edi. Lekin, solingan jarima juda yuqori deya talqin qilinmoqda. Matbuotda bu juda g‘ayrioddiy jazo bo‘lgani haqida yozilmoqda. Nordeya unga qarshi chiqqan. Tergovchilar Nordeyaning mijozlari pul yuvish yoki terrorchilikni moliyalashga aralashgani borasida hech dalil-isbot topmagan, shuning uchun ham Nordeya bu jazo adolatsiz ekanini aytayapti. Balki bunga qarshi shikoyat qilar.

BBC: Takilantga pulni TeliaSonera to‘lagan va hozirda hali ham bu pul aslida kimga borib tegishi mo‘ljallangani borasida Shvetsiyada mahkama ishlari davom etayapti. Nordeyaga solingan jazo TeliaSonera ishi uchun nimani anglatadi?

Vesterberg: Bu jazoning mahkama ishiga qanday ta‘sir qilishi borasida bir narsa deyish qiyin. Lekin, chiqarish mumkin bo‘lgan xulosa shuki, agar Nordeya Takilant borasida ehtiyotkor bo‘lishi kerak bo‘lgan bo‘lsa, unda TeliaSonera ham huddi shunday ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rishi kerak bo‘lgan. Ammo, bu huquqiy da‘vo emas, balki mantiqiy da‘vo xolos.