"Second-hand"ni tarjima qilasiz, bo‘lmasa jarimaga tortilasiz"

Image caption Mas‘ullarga ko‘ra, barcha nomlar davlat tili va xalqning milliy o‘ziga xosliklariga muvofiq bo‘lishi shart

Tojikistonda shu yil boshidan buyon davlat tili va xalqning milliy o‘ziga xosliklarini nazarda tutmagan nomdagi turli ko‘ngilochar inshootlar, do‘konlar va dorixona egalariga qarshi o‘nlab ishlar mahkamaga oshirilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, ularning ishlari Tojikiston Ma‘muriy Kodeksi asosida ko‘rib chiqiladi va qonunbuzarlar jarimaga tortilishadi.

Dushanbedan muxbirimiz Anora Sarkorovaning xabar berishicha, birgina Yovon shahrining o‘zida 15 ga yaqin ma‘muriy ish mahkamaga oshirilgan. Davlat tiliga oid qonunni buzganlarga jarima solingan.

Ammo, tojikistonlik mas‘ullarning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, agar shundan keyin ham do‘konlari yoki restoranlari nomini o‘zgartirishmasa, to‘laydigan jarimalari miqdori ham ortadi. Qonunni takroran buzganlarining esa, bizneslari butkul yopib qo‘yiladi.

Bularning barchasi Tojikistonda bir necha oydan buyon davom etayotgan va "Tildagi nuqsonlar"ga barham berishga qaratilgan milliy kampaniya doirasida amalga oshirilmoqda.

Unga muvofiq, tojikistonlik mas‘ullar mamlakat shaharu tumanlarida xorijiy tillarda yozilgan reklama taxtalarini olib tashlashmoqda.

Do‘konlar, go‘zallik salonlari va hashamatli restoranlar nomlarini zudlik bilan tojikchasiga o‘girishni talab etishayotir.

Mas‘ullarga ko‘ra, barcha nomlar davlat tili va xalqning milliy o‘ziga xosliklariga muvofiq bo‘lishi shart.

Tojikistonda bundan bir necha yil burun qabul qilingan qonunga muvofiq, tojik tili yagona davlat tili sanaladi va barcha ishu yozishmalarning davlat tilida olib borilishi taqozo etiladi.

Biz so‘nggi o‘zgarishlarga tojikistonlik ziyoliylarning munosabatlarini bilish uchun Abdurasul Mamadaliyevni suhbatga tortdik:

Sof tojikchasiga, ammo...

Image caption "Second hand"....Tojikchaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilsangiz, "Dasti duyum", ya‘ni "Ikkinchi qo‘l" bo‘ladi

"Second hand"....Tojikchaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilsangiz, "Dasti duyum", ya‘ni "Ikkinchi qo‘l" bo‘ladi Tojikistonlik mas‘ullar bunday talab bilan o‘tgan yil oxirida chiqishgandi.

Yangilik dunyoga dong‘i ketgan brendlarga taalluqli bo‘lmaydi.

Ammo, Tojikistondagi muxbirimiz Anora Sarkorovaning xabar berishicha, ular reklamalarining ham davlat tilida bo‘lishi taqozo etiladi.

Mas‘ullarga ko‘ra, xorijiy atamalardan butkul voz kechish talab etilayotgani yo‘q.

Ularning aytishlaricha, faqat katta harflar bilan yozilayotgan nom tojikcha bo‘lsa bas. Ostida mayda harflar bilan chet tildagisini ham yozib qo‘yish mumkin.

Biroq ruscha va boshqa xorijiy tillardagi atamalarning tarjimasi bilan shug‘ullanayotgan maxsus hay‘atlarning o‘zlari ham ozmuncha boshog‘riq bilan to‘qnash kelishmayotgan ekan.

Deylik, birgina "mebel" so‘zini oling. Uning tojikchada muqobili yo‘q. "Jihoz baroi xona", ya‘ni "Uy jihozlari", deb tarjima etishingizga to‘g‘ri keladi.

Yoki "Second hand"....Tojikchaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qilsangiz, "Dasti duyum", ya‘ni "Ikkinchi qo‘l" bo‘ladi.

"Bistro"-chi? Uni hozir "Tezpaz", deb tarjima qilishga o‘tishgan. Ammo to‘qima so‘z emasmi, uncha-muncha odam ma‘nisini birdan ilg‘ay olmasligi tayin.

Tavsiyadan talabga

Image caption Mahalliy tahlilchilarning aytishlaricha, xususiy inshootlar sohiblarini davlat tilining maqomidan ko‘ra, bozordagi vaziyat ko‘proq qiziqtiradi

Mas‘ullar farmoyishlari avvaliga tavsiyaviy tusda ekanini aytishgandi.

Ammo, muxbirimiz Anora Sarkorovaning aytishicha, ko‘rilayotgan ma‘muriy ishlar, mahkama qarorlari va jarimalar amaldorlarning til sofligi uchun kurashga jiddiy bel bog‘laganliklarini ko‘rsatadi.

Deylik, qahvaxonasini o‘z ismi bilan atagani uchun qonunni buzgani aytilgan dushanbelik yigit onasining so‘zlariga qaralsa, o‘g‘li mahkama orqali 124 AQSh dollariga teng miqdorda jarima to‘lagan.

Mahalliy tahlilchilarning aytishlaricha, xususiy inshootlar sohiblarini davlat tilining maqomidan ko‘ra, bozordagi vaziyat ko‘proq qiziqtiradi.

Chunki ularga tegishli shirkatu do‘konlarning ayrimlari bir necha o‘n yildan buyon faoliyatda va Tojikistondan tashqarida ham hozirgi nomlarida tanilib ulgurishgan.

Lekin, shunda ham, ularning shahar hokimiyati qarori yuzasidan mahkamaga murojaat etish ehtimollari haqiqatdan ancha yiroq.

Ammo ishbilarmonlar orasida mas‘ullar tomonidan qonunbuzarlarga qarshi birdek munosabatda bo‘linmayotganiga oid shikoyatlar ham yo‘q emas.

So‘nggi yillarda Tojikistonda ko‘cha, maydon va tumanlarning nomlarini o‘zgartirish keng tus olgan.

Sho‘ro davridagi partiya rahbarlari, taniqli inqilobchilar, yozuvchi va shoirlarning nomlari olib tashlanib, ularga Tojikistonda mashhur tarixiy shaxslar va jamoat arboblarining ismlari berilmoqda.

Mas‘ullar esa, barchaning asta-sekinlik bilan so‘nggi o‘zgarishlarga ko‘nikib ketishlariga umid qilishmoqda.