Karimov o‘zining o‘rniga zamonaviy fikrlaydigan yosh kelishini istaydi

Image caption "Prezident sifatida men uchun ertaga nima bo‘lishi haddan ziyod muhim", degan Prezident Karimov.

Toshkentdagi anjumanda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov o‘zining o‘rniga eskicha fikrlaydigan rahbar emas, ma‘rifatli, zamonaviy fikrlaydigan yosh kelishini istashini aytgan.

Prezident Islom Karimov aytishicha, internet muhimligi uchun O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rgatishni kuchaytirishga qaror qilingan.

Toshkentdagi xalqaro anjumanga "Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o‘zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili" deb nom berilgan.

Anjumandagi ma‘ruzasi payti Prezident Islom Karimovning aytishicha, qishloq joylarida davlat barpo etayotgan uy-joylar u yerdagi yoshlarning dunyoqarashiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi.

"Tasavvur qiling, bizning qishloq joylaridagi bolalarimiz, o‘sib kelayotgan avlodimiz o‘zlarini qanday his qiladilar? Ularning kayfiyatini, ularning ko‘zlari, ularning ertangi kunga ishonchini tasavvur qiling", degan Prezident Islom Karimov o‘zining o‘rniga eskicha fikrlovchi emas, zamonaviy fikrlaydigan, ma‘rifatli yoshlar kelishini istashini aytgan.

"Prezident sifatida, xalqimizning ishonchini qo‘lga kiritgan shu mamlakatning rahbari sifatida men uchun ertaga nima bo‘lishi haddan ziyod muhim. Bizning o‘rnimizga kim keladi? Yo bu ma‘rifatli, zamonaviy fikrlaydigan, mustaqil fikrlaydigan yoshlar, yoki bular eski, eskirgan tamoyillarga tayanadigan, biz Sho‘rolar hokimiyati paytidagi 70 yillik tamoyillarga tayanadigan odamlar", deb aytgan Prezident Karimov.

Zamonaviy uylar qurayotganimiz bizning bolalarimiz haqida, ertangi kun haqida qanchalar qayg‘urayotganimizning isboti, degan janob Karimov, ertaga O‘zbekistonda nima bo‘lishini bilmoqchi bo‘lganlar, har qanday kollejga borib ko‘rishini maslahat berishini aytgan.

"Men chet ellik vakillar va boshqa mamlakatlarning rahbarlari, ayniqsa, G‘arb mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashganda men ularga to‘g‘risini aytaman, siz menga qaramang, men balki eski tarbiya odamidirman. Lekin O‘zbekistonda ertaga nima bo‘lishini bilmoqchi bo‘lsangiz, har qanday kollejga boring. Biz qisqa vaqt ichida 1550 ta zamonaviy litsey va kollejlar qurdik. U yerda ikkita-uchta zamonaviy mutaxassislik bilan birga albatta, chet tili, asosan ingliz tilini o‘rganishadi. O‘zbekistonda prezident farmoni qabul qilingan. Bu farmon bo‘yicha shu o‘quv yili, ya‘ni 2013-2014 o‘quv yilidan birinchi sinfdan boshlab O‘zbekistonda ingliz tili o‘qitiladi. Bu faqat biz ingliz tilini hurmat qilganimizdan emas, aslida bu juda yaxshi til, gap shundaki, biz internetga kirish faqat ingliz tili orqali bo‘lishini juda yaxshi tushunamiz", deb aytgan Prezident Karimov.