Qirg‘iz yoshlari Suriyadagi jihodga yollanganidan xavotir bor

  • 19 Aprel 2013
Image caption Suriyada minglab xorijiy jangchilar Assad tuzumiga qarshi kurashga yollanganlar

Qirg‘iziston din ishlari qo‘mitasi ayrim masjidlarda qirg‘iz fuqarolari Suriyadagi harbiy harakatlarga yollanayotgani haqidagi xabarlarni tekshirayotganini ma‘lum qilgan va masjidlar tekshiruvini boshlagan.

Avvalroq Botken viloyatidan 15 nafar o‘smir va o‘rta yoshdagi erkaklarning ayni maqsadda Turkiyaga olib ketilgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Qirg‘iz parlamenti deputati Dastan Jumabekov Aravondagi masjidda yoshlarni yollash ishlari olib borilganini da‘vo qilgan.

"Barcha yigitlar O‘sh viloyatidagi Aravon tumani yashovchilari. Ularni shundoq masjidning o‘zida yollashgan. Menga buni qishloq ahli aytib berdi. Hozir bir necha deputat vaziyatni o‘rganish uchun u yerga yo‘l olishdi. Ma‘lumotni Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlariga topshirdik," - deb aytgan janob Jumabekov.

Bugun esa Aravon tuman hokimi ushbu da‘volarni rad etgan. Ayni paytda joylarda masjidlarni tekshirish ishlari boshlangani haqida xabarlar kelmoqda.

Interfaksning qirg‘iz huquq-tartibot idoralaridan iqtibos keltirib xabar qilishicha, Suriyaga ketganlarning barchasi Islomning bir oqimiga tegishli bo‘lganlar, biroq qaysi oqim ekani hali noma‘lum.

Ularning ota-onalari o‘g‘illarini qaytarishda yordam so‘rab parlament a‘zolariga murojaat qilganlar.

Deputat Omurbek Bakirov 16 aprelda yigitlarni qaytarish ilinjida Istambulga uchgan. Unga ikki ona ham hamrohlik qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, o‘smirlardan biri ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, unga Rossiyaga olib ketilishi va‘da qilingani, ammo Turkiyaga kelib qolganini aytgan.

O‘smir endi uning va sheriklarini jihod uchun Suriyaga yuborishga tayyorlanishayotganini bildirgan.