AQSh matbuoti: Tsarnayev savollarga yozma javob bermoqda

Image caption Portlash qurbonlari xotirlanmoqda

AQSh matbuotidagi tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Boston portlashlari gumondori o‘ziga kelgan va savollarga yozma ravishda javob qaytarmoqda.

BBCga gapirgan FQBning Bostondagi bo‘linmasi va shahar politsiya xizmati bu xabar ular tomonidan tarqatilmaganini aytgan.

Federal Qidiruv Byurosi faqat Tsarnayevning ahvoli jiddiy degan ma‘lumotni bera olishini aytgan.

Avvalroq, Boston meri Tom Menino "ABC News" agentligiga: "Biz ushbu shaxsni so‘roqqa tutishga qodir bo‘lamizmi, yo‘qmi bilmaymiz", deb aytgandi.

Biroq, yakshanba kuni ABC, NBC va CBS kanallari gumondor tergovga yozma javob qaytarayotgani borasida xabar qilgan.

19 yoshli Johar Tsarnayev Bostondagi shifoxonada qolmoqda. U bo‘ynidagi jarohat bois gapira olmaydi.

Ayni paytda Qo‘shma Shtatlar prokurorlari unga qarshi ayblovlarni hozirlashmoqda. Agar u odamlarni o‘ldirish uchun ommaviy qirg‘in quroli qo‘llaganlikda aybdor topilsa, o‘lim jazosiga yuz tutishi mumkin.

Johar Tsarnayev juma kuni kechqurun Uotertaun shahridagi uylarning birida saqlangan kema ichida og‘ir yaralangan holda topilgan va hibsga olingandi. Yana bir gumondor - Joharning akasi Tamerlan politsiya bilan otishmada hayotdan ko‘z yumgandi.