Xitoy zilzila qurbonlariga yetishga qiynalayapti

Image caption Zilzilaning tog‘li hududda yuz bergani qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda

Xitoyda qutqaruvchilar Sichuan viloyatining chekka tog‘li qishloqlarida yuz bergan 6.6 balli zilzilada omon qolganlarga yetib borishga qiynalayaptilar.

Davlat matbuotiga ko‘ra, yer qimirlashi 203 odamni o‘ldirgan va 11 mingdan oshiq odamni yaralagan. Yaralanganlar orasida 960 kishi og‘ir jarohat olgan.

Zilzila ortidan ko‘chgan yer yo‘llarni bosib qolgani tufayli yorqin norinj ustboshlardagi qutqaruvchilar piyoda chekka qishloqlarga yo‘l olishgan.

Askarlar tuni bilan qishloqlarda omon qolganlarni axtarishgan va yaralanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatishgan, mahalliy aholi esa qo‘lbola boshpana va mashinalarda tunni o‘tkazganlar.

Bosh Vazir Li Ketsyan qutqaruv ishlarini o‘z nazorati ostiga olgan va qutqaruv "bizning eng bosh vazifamiz" deb aytgan.

Shanba kuni tikucharda yetib kelgan janob Li kasalxonalar va chodirlarni borib ko‘rgan, hamda vayronagarchilikni ko‘rish uchun xarobalar ustiga tirmashib chiqqan.

Zilzila markaziga eng yaqin bo‘lgan Yaan shahridagi BBC muxbiri Jon Sadvort shahar kasalxonasi tashqarisidagi vaqtinchalik tibbiy markazda o‘nlab odamlar hali ham muolaja olayotganini aytgan.

Lushan hududidagi ko‘plab qishloqlar butkul xarobaga aylanganlar.

Shanba kuni ertalabki soat 08:02da yuz bergan zilzila ortidan yana bir necha bor yer qimirlagan.

O‘z uyidan ayrilgan va qo‘li singan 68 yoshli mahalliy ayol "tog‘ tirilgandek bo‘lgan"ini aytdi.

Xitoy qator davlatlar, xususan Sharqiy Xitoy dengizidagi orollar tufayli bahsga kirishgan Yaponiyaning yordam taklifini rad qilgan.

Pekin hozircha yordamga muhtoj emasligi, ammo vaziyat o‘zgarcha Tokioga bu haqida xabar berishini bildirgan.

Yaan shahar hokimiyati rasmiysi Chen Yong qurbonlar soni ancha ortishi borasida xavotirlar borligini aytdi.

"Ba‘zi chekka tog‘li qishloqlarda hali vaziyat qandayligini umuman bilmasligimiz mumkin", - dedi u.