Ko‘zga ko‘rinmas ijarachilar yoxud qudratli Propiska tizimi

Image caption Kishimjan Osmonovaning ilmiy tadqiqot mavzusi ichki migratsiya mavzusiga bag‘ishlangan.

1997 yilda Ostona Qozog‘iston poytaxti deb e‘lon qilinganidan keyin minglab ichki hamda minglab qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlaridan bo‘lgan tashqi muhojirlarni o‘ziga ohanrabodek tortuvchi maskanga aylandi.

Oxirgi o‘n yil davomida shahar aholisi uch baravar ko‘paydi va bugunga kelib ostonaliklarning soni bir million atrofida bo‘lib qoldi. Bu yerda kelib chiqishi, kasbi va malakasi hamda tug‘ilgan joyi turli-tuman muhojirlarni ko‘rish mumkin. Ostonani "Kelajak shahri" deb ataydigan bo‘lishgan va yosh, ambitsiyali insonlar bu yerda o‘zlari uchun eng yaxshi imkoniyatlarni izlashadi. Shaharning insonni o‘ziga jalb etadigan manzaralari va avjiga chiqqan qurilishlari bois ko‘pchilik o‘zining istiqbolli kelajagini shu yerda ko‘radi va Ostonada qolishga qat‘iy qaror berganlar. Bu orzularni esa ro‘yobga chiqarish oson emas va bu yo‘ldagi muammolardan biri propiskadir.

Ruscha so‘z bo‘lgan "Propiska"ning shaharda ro‘yxatdan o‘tish ma‘nosini anglatishini har bir Sho‘ro fuqarosi, jumladan bugungi Markaziy Osiyo mamlakatlari yashovchilari ham yaxshi bilishadi. Bugunga kelib esa Propiskaning qudratli mazmuni yanada ortgan deyish mumkin: propiska muayyan shaxsga shaharda yashash qonuniy huquqi bilan birga u yerdagi ijtimoiy imtiyozlardan bahramand bo‘lish imkoniyatini ham ochadi. Chegaralar osha hamda qishloq-shahar o‘rtasidagi migratsiya tadqiqotlaridan shu narsa ayon bo‘lmoqdaki, qonuniy propiska yo‘qligi shahar rezidentini tibbiy xizmatdan foydalanish va pensiyaga ega bo‘lish huquqlaridan mahrum etadi, jamoat tovarlarini xarid qilish yoki boshqa xizmatlardan foydalanishni cheklaydi. Buning oqibatida insonlarning sotsial marginallashgan yangi guruhi paydo bo‘ladi, ular tahqirlashlarga duch keladilar, ularning kriminallashishi tobora ortib boradi. Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda yerlarni tortib olish zarur infrastrukturasi yo‘q butun boshli mavzelarni barpo etdi. Yangi mavzelar qad ko‘targan Olma-Otada ham ushbu muammolarni ko‘rish mumkin. Toshkentda propiskasi yo‘q qishloqdan kelganlar O‘zbek militsiyasining oson nishoniga aylanadilar, militsiya ularni jinoyatchiga chiqaradi, pora talab qiladi. Rossiyadagi katta boshog‘riqlardan biri Markaziy Osiyodan kelgan noqonuniy mehnat muhojirlaridir. Ularning qo‘lida soxta propiskalari bor va yillar davomida yashab, shu yo‘l bilan ro‘zg‘orlarini tebratishning uddasidan chiqadilar.

Image caption Mehnat muhojirlari ko‘pincha ko‘rinmas ijarachilar bo‘lishga mahkumlar.

Qozog‘iston poytaxti Ostonada ham rasmiy propiskaga ega juda mushkul. Biroq mahalliy ro‘znomalarga ko‘z tashlasangiz, soxta propiska bilan muammoni hal qilib berish va‘dasidagi ko‘plab e‘lonlarni ko‘rasiz. Amalda ham Ostonaning soxta propiskasini sotib olish ancha oson ish. Ostonaning yangi rezidentlari ko‘ngildagidek ish topmagunlaricha rasmiy propiskadan o‘tkazilmasliklaridan g‘azablanadilar. Propiskani qo‘lga kiritolmaganlarning ko‘pchiligi o‘zlarini ko‘rinmas odamdek his qiladilar va ijtimoiy imtiyozlardan foydalana olmaydilar. Odatda mahalliy rezidentlar yoki o‘z kvartirasi, uyi borlar yashash joylariga soxta propiskalarni sotadilar. Taraz shahridan kelgan Aliyaning aytishicha, "uyda o‘tirishga majbur, chunki propiskasi yo‘q". "Ishga kirmoqchiman, lekin propiskang bo‘lmasa, bu haqda o‘ylab ham o‘tirma", deydi u. "Men gazetadagi e‘londan 15 ming Tengega uch kunga birovdan propiska sotib olgandim", deydi Aliya. U o‘sha odam o‘zining manziliga Aliyani rasman ro‘yxatdan o‘tkazganmi-yo‘qmi, ishonchi komil emas. O‘g‘li va kelini bilan birga yashash uchun Ostona shahriga kelgan pensioner ham propiskani sotib olgan. "Propiska olish judayam qiyin. Lekin puling bo‘lsa, uni sotib ololasan. Puling bo‘lsa hamma narsaning iloji bor. Men bir kishiga bir oylik propiska uchun 5000 to‘ladim. Biroq men hali ham o‘sha adresda ro‘yxatda turibmanmi yoki meni u yerdan propiskadan chiqarib yuborishdimi, bilmayman. Ishga kirish uchun propiskangni ko‘rsatishing shart", deydi nafaqaxo‘r.

Muhojirlar to‘lagan pullariga qarab har ikki yo uch oyda propiskalarini yangilab turishlari lozim. Ko‘plab muhojirlar bu narsa mahalliy amaldorlarga propiskani sotib, bu hududlarda ish bo‘lmasa ham yengil yo‘l bilan pul topishlariga imkoniyat yaratib berayotganidan shikoyat qiladilar. Ayrimlar buni ekspluatatsiyaning bir yo‘li sifatida ham ko‘radilar. Natijada aslida shu manzilda ro‘yxatda tursa ham boshqa joyda yashab yurganlar soni ham ko‘paymoqda.

Bunga qo‘shimcha, soxta propiska muhojirlarni ijara masalasida oson ekspluatatsiya nishoniga aylantiradi. Aksar muhojirlar kvartirada ijaraga turishadi va ular o‘zlarini muhofazalanmagan his qiladilar. Ostonada ijara haqi juda yuqori va muhojirlarning ko‘pchiligi ishlab topayotgan pullariga to‘g‘ri kelmaydi. Aksar muhojirlar kam haq to‘lanadigan ishlarda ishlashadi. Bir xonani ijaraga olish kamida 25000 Qozog‘iston Tengesiga tushadi. Bu 2010 yil kursi bo‘yicha 166 AQSh dollariga teng mablag‘. Bir xonalik kvartiraning ijarasi esa 50 ming Tenge yoki 330 dollar atrofida. Qozog‘istonda 2008 yilda o‘rtacha ish haqi oyiga 79368 Tengeni tashkil etgan. Bu 529 AQSh dollariga teng bo‘lgan. Biroq maoshlar orasidagi farq juda katta. Shuning uchun muhojirlar kvartiralar yoki kvartira xonalarini bo‘lashishni afzal ko‘rishadi. Odatda bir xonada uch yoki to‘rt kishi, bir kvartirada esa olti-etti inson istiqomat qiladi. Bunday holatlar ko‘p tarqalgan, biroq juda kam ro‘yxatga olingan.

Image caption Bir xonani bir necha muhojir bo‘lashadi.

Bunaqa ijarachilar haqidagi statistik ma‘lumot yo‘q. Uy egalari bilan ijarachilar o‘zaro yozma shartnoma imzolamaydilar, bunday muomala o‘zaro ishonch va og‘zaki kelishuvlarga asoslanadi. Tomonlarning huquq, burch va majburiyatlari belgilab berilgan qonuniy hujjatning yo‘qligi ijarachilarni ba‘zan og‘ir ahvolga solib qo‘yadi, insofsiz uy egalarining har qanday noqonuniy amallariga yo‘l ochadi. Oldindan bir necha oylik kvartira haqlarini to‘lab qo‘yganlariga qaramasdan, ijarachilar oldindan hech bir ogohlantirilmasdan, yashab turgan joylaridan haydab yuborilgan holatlar ko‘p ro‘y bergan. Uy egalarining ijarachilarni ro‘yxatga qo‘ymasliklarining yana sabablari, qo‘shimcha daromadlaridan soliq to‘lashni istamasliklari yoki ijaraga qo‘yish shartlarini buzgani uchun jarimaga tortilishni istamasliklaridir.

Shaharga kelayotgan va ketayotganlar rasmiy statistikasi, etnik tarkibi borasidagi ma‘lumotlar propiska ro‘yxatlariga asoslanadi. Davlatning ichki muhojirlik oqimini propiska institutining vositasida cheklashga intilayotganiga qaramasdan, u asosiy to‘siq bo‘lib xizmat qilayotgani yo‘q. Yoshlar shaharda yashashga intiladilar. Muhojirlar ham nima qilib bo‘lsa ham shaharda qolishga harakat qiladilar, bu yerdagi raqobat kuchli mehnat bozorida baxtlarini sinab ko‘rishni istashadi.

Ko‘pchilik shahar hayotining shiddatini o‘z hayotida sinab ko‘rganidan keyin o‘z shahri yoki qishlog‘iga qaytib borib yashashni tasavvur qila olmaydi, chunki tug‘ilib o‘sgan go‘shasida o‘zgarish umuman yo‘q yoki kam narsa o‘zgargan. Bu esa kam haq to‘lanadigan ishda ishlasa ham ular bir xonada tiqilib yashash tarzini afzal ko‘rishlarini anglatadi. Rasmiylar esa uy ijarasi bozorini soliq tushumi manbasi sifatidagina nazoratga olish muhim deb bilishadi. Shunday ekan, Sho‘rolar tizimidan meros bo‘lib qolgan propiska tizimi davlat ichida aholi harakatini tartibga solishning qudratli vositasi bo‘lib qolmoqda.