Muhojirlar tashvishi: Rossiyaga kelish ham muammo bo‘ladimi?

  • 22 Aprel 2013

Ayni paytda Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari davlat rahbarining yangi qarorini muhokama etishmoqda. Unga ko‘ra, endilikda MDH dan tashrif buyuruvchi migrantlar horijiy pasportsiz Rossiya hududiga kiritilmaydi.

Mamlakatga noqonuniy migrantlar oqimini cheklash maqsadida hamon turli chora-tadbirlar amalga oshirilishi davom etmoqda.

18 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Federal migratsiya xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy bilan uchrashuv chog‘ida migrantlar uchun yana bir masala yuzasidan kelishib olishdi. Mazkur qaror 2015 yilning 1 yanvaridan boshlab kuchga kiradi.

"Bojxona Ittifoqiga kiruvchi Belorussiya va Qozog‘iston davlatlari bundan mustasno", - dedi Prezident Vladimir Putin.

Bu chora birinchi navbatda mamlakatga milliy pasport bilan kelayotgan tojikistonliklarga va ayni paytda mamlakatga kirish uchun xorijiy pasport talab qilinmayotgan ukrainlarga tegishli.

"Endi Rossiyaga kelish ham muammo bo‘larkanmi?" - deya tashvishlanib qo‘ng‘iroq qildi hamyurtlarimizdan biri.

Yo‘q, bu borada o‘zbek muhojirlariga biroz yengillik bo‘ldi. Hamyurtlarimizning Rossiyaga 2011 yildan berila boshlagan yangi biometrik pasport bilan kelishlari kifoya. O‘zbekistonda yagona pasport tizimi bo‘lib, amaldagi biometrik pasport ham ichki, ham tashqi pasport hisoblanadi. Rossiyaga kelish uchun avvalgidek, hech qanday vizaning keragi yo‘q.

Keyingi paytlarda rossiyaliklar yaqin xorij davlatlari, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza joriy qilish tarafdori ekanliklarini ko‘p ta‘kidlashmoqda. Bu qaror ayni shu masala ko‘tarilgan bir pallada qabul qilindi. Ammo bu bilan noqonuniy migratsiya jarayoniga barham berish uchun kutilgan natijani bermasligi shubhasiz.

Garchi o‘zbek muhojirlarining rus o‘lkasida tobora ko‘payib borayotgani tub aholiga yoqmayotgan bo‘lsada, arzon ishchi kuchiga ehtiyoj sabab ular osiyolik mehnat muhojirlariga toqat qilishga majbur bo‘lishmoqda. Ammo yumshoqroq qilib aytganda, yot qarashni ochiqchasiga ko‘rsatgan holda.

- Poytaxt aholisining deyarli barchasi Putinni shaharni "qishloqiston"ga aylantirib yuborganda ayblamoqda, - deb yozadi markaziy nashrlarning biri.

Muhojirlarimiz esa bu kabi vaziyatlarni ko‘rib ko‘rmaslikka, eshitib eshitmaslikka olishga majbur. Chunki, Rossiya o‘zbekistonlik muhojirlar uchun nisbatan qulay ish va daromad (tirikchilik) manbai hisoblanadi. Biz uchun muhimi esa, ayni paytda rus o‘lkasida mehnat qilayotgan (kun ko‘rayotgan, desak yana ham to‘g‘riroq bo‘ladi) o‘zbekistonliklar muammolarining imkon qadar hal etilishidir.