Futbol: Afg‘on mujohidlari sobiq Sho‘raviylarga mag‘lub bo‘lishdi

Sho‘rolar Ittifoqi ishg‘oli davrida jang maydonida to‘qnashgan sobiq raqiblar bu gal Kobulning Olimpiya stadionida uyushtirilgan o‘rtoqlik uchrashuvida bir-birlariga qarshi maydonga tushishdi.

Ikki "ashaddiy raqib" o‘rtasida o‘tkazilishi rejalangan uch uchrashuvdan dastlabkisi 1:0 hisobida Sho‘raviylar foydasiga hal bo‘ldi.

RIA-Novosti axborot agentligining xabar berishicha, "Sho‘raviylar" jamoasi tarkibidagi 22 futbolchi butun sobiq Ittifoq hududidan yuzlab da‘vogarlar orasidan tanlab olingan.

Ulardan barchasining afg‘on urushi faxriylari ekanliklari aytiladi.

Mezbonlar ham Sho‘raviylar bilan tengdosh va futbolga befarq bo‘lmagan sobiq mujohid afg‘onlardan tashkil topgan.

Ayon bo‘lishicha, har ikki raqib jamoadan ham a‘zolarining yoshlari kamida 40 da bo‘lishi talab qilingan.

Ikki sobiq raqib o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvini tomosha qilish uchun Afg‘oniston Futbol Federatsiyasiga tegishli stadionga ikki yuzga yaqin tomoshabin yig‘ilgan.

Kobuldagi mazkur stadion qariyb 5.000 kishiga mo‘ljallangan esa-da, xavfsizlik xavotirlar bois, antiqa esa-da, futbol uchrashuvi ortiqcha shov-shuv qilinmagan.

O‘yin chog‘ida xavfsizlikni ta‘minlash uchun esa, o‘nlab afg‘on askarlari va politsiya xodimlari ham jalb etilishgan.

Futbol va Urush

Afg‘oniston poytaxti Kobul dengiz sathidan ikki ming metrcha balandlikda joylashgan.

Shu bois ham, Sho‘raviylar jamoasining iqlimga tezda moslashib ketishlari qiyin bo‘lishini nazarda tutib, o‘yin vaqti 30 daqiqaga qisqartirilgan.

Tomonlar har bir bo‘limda 45 daqiqaning o‘rniga 30 daqiqadan to‘p surishgan.

Oralarida futbol o‘ynashga no‘noqlari ham bo‘lsa-da, o‘yinda Sho‘raviylarning qo‘llari baland kelgan.

Bu kabi tadbirdan maqsad Sho‘rolar ishg‘oli davridan qolgan dilxiralikni oradan ketkazish ekani aytilsa-da, o‘yinda qayd etilgan natija hammani xursand qilmagani aniq.

Chunki sobiq Sho‘rolar Ittifoqining 10 yillik ishg‘oli ostida bir millionga yaqin afg‘on halok bo‘lgan.

Millionlab afg‘onlar o‘z yurtlarini tark etib, Eron va Pokiston kabi qo‘shni davlatlardan boshpana topishgan va ulardan aksariyati oradan shuncha yil o‘tib ham, o‘z Vatanlariga qaytolmay halaklar.

Sho‘rolar Armiyasining o‘zi ham afg‘on urushida 15.000 askarini boy bergan.

Xabarlarga ko‘ra, sobiq raqiblar Afg‘onistonda uchta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishni rejalashgan.

Qolgan ikki uchrashuvdan biri sobiq Sho‘rolarga qarshi qaqshatqich qarshilik ko‘rsatgani bilan tilga tushgan Panjsher va so‘nggisining ertaga 21 aprel kuni O‘zbekistonga qo‘shni shimoliy Mozori Sharif shahrida bo‘lib o‘tishi aytilmoqda.

12 yillik harbiy hozirliklari ortidan kelasi yili AQSh boshchiligidagi xorijiy ittifoq kuchlari ortga safarbarlikni rejalashar ekan, Afg‘onistondagi vaziyat yana Rossiyaning diqqat-e‘tiboriga tushgan.

Rossiya tomoni 2014 yildan keyin Afg‘oniston yana "terrorchilik va bangivor moddalar uyasiga aylanishi"dan jiddiy xavotirda.

Ammo, agar so‘nggi bayonotlariga quloq tutilsa, rasmiy Kreml Afg‘oniston uchun istalgan yordamni berishga tayyor, biroq endi bu mamlakatga ortiq hech qachon harbiy qo‘shin jo‘natmoqchi emas.

Rasmiy Moskva bu gal iqtisodiy hamkorlik va shu ko‘rinishdagi turli ko‘maklar orqali Afg‘oniston bilan munosabatlarini kuchaytirish umidida.