Tolibon ikki qo‘riqchining oyog‘i va qo‘lini kesgan

Image caption Qo‘riqchilar hozirda Hirotdagi kasalxonada davolanmoqda

Afg‘onistonda Tolibon isyonchilari xorijiy qo‘shinlarga ishlagan ikki qo‘riqchining bir oyog‘i va bir qo‘lini kesib tashlaganlar. Bu haqida Afg‘oniston politsiyasi va qurbonlardan biri BBCga ma‘lum qildi.

Tolibon ikki kishining qo‘l va oyoqlarini kesganini tan oldi, lekin ular magistral yo‘lda o‘g‘irlik bilan shug‘ullanganlari uchun jazolanganini bildirdi.

Qurbonlardan biri, 25 yoshli qo‘riqchi Hirotdagi kasalxonadan gapirib, bir necha kun avval sherigi bilan jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini aytgan.

"Ular bizga shirkatga bomba joylashtirishga buyruq berishdi, lekin biz rozi bo‘lmadik", - dedi ismi sharifi oshkor qilinmagan qurbon.

"Ular so‘ngra bizni o‘z mahkamasiga olib borishdi va u yerda hakamlar bir oyog‘imiz va bir qo‘limiz kesilishiga qaror chiqardi. Biz qarshi chiqdik, faqat pul topish uchun ishlab yurganimizni aytdik", - deb aytgan u.

Hirot politsiyasi voizi qurbonlar oilasi va mahalliy aholiga ma‘lumotiga tayanib bu ikki kishi xorijiy qo‘shinlarning mol-mulkini qo‘riqlaydigan xususiy shirkatga ishlaganlari uchun nishonga olinganlarini bildirgan.

Hodisa Raboti Sangi tumanida yuz bergan.

Tolibon o‘z vebsaytida bayonot chiqarib, ikkovlon "Islomiy amirlikning tuman mahkamasi"ga mahalliy yo‘llardagi aholining mulkini o‘marganlariga iqror bo‘lganlarini aytgan.

"Payshanba kuni tushda ko‘plab mahalliy aholi qarshisida Olloh va Shariat tomonidan izn berilgan jazo yo‘l o‘g‘rilariga qarshi qo‘llandi va barcha mahalliy musulmonlar tomonidan hush qarshi olindi", - deyiladi Tolibon bayonotida.

Tolibon Afg‘onistonni 1996 va 2001 yil orasida boshqargan va qattiqqo‘l Islomiy adliya qonunlari, xususan savalash, tana qismlaridan judo qilish va qatl etish usullarini qo‘llagan.

AQSh boshchiligida 2001 yilda boshlangan harbiy amaliyot Tolibonni ag‘dargan, biroq harakat afg‘on hukumati va xorijiy qo‘shinlarga hujumlar uyushtirib keladi.