Osiyo Chempionlar Ligasi: "Bunyodkor" Yaponiya chempioniga qarshi

Bugun o‘z maydonida "Sanfrechche Xirosima"ni mag‘lub etsa, "Bunyodkor" muddatidan ilgari Osiyo Chempionlar ligasining navbatdagi bosqichiga yo‘l oladi.

Guruh bosqich bellashuvlarining 5-tur uchrashuvi bugun Toshkentda mahalliy vaqt bilan soat 18:00 da boshlanadi.

O‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayevning nazdida, bugungi o‘yinda "Bunyodkor"ning g‘alaba qozonish imkoniyatlari katta.

"Birinchidan o‘yinni o‘z maydonida o‘tkazadi, ikkinchidan, "Sanfrechche Xirosima" keyingi bosqichga chiqish uchun barcha imkoniyatlarini yo‘qotgan", deydi sharhlovchi:

Axbor Imomxo‘jayevga ko‘ra, "Bunyodkor"ning muddatidan ilgari guruh bosqichidan chiqishi imkoniyati bo‘lgani uchun bugungi uchrashuv mahalliy futbol ishqibozlari orasida ham, mamlakat ommaviy-axborot vositalarida ham katta qiziqishga sabab bo‘lgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Bunyodkor" 10 aprel kuni dastlabki javob uchrashuvini safarda g‘alaba bilan boshlagan va "Beytszin Goan"(Xitoy)ni 1:0 hisobida mag‘lub etgandi.

So‘nggi g‘alabasi ortidan, "Bunyodkor" to‘rt o‘yindan 8 ochko to‘plab, o‘z guruhida peshqadamlik qilib turibdi.

Bugungi raqib

"Bunyodkor" bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasini g‘alaba bilan boshlagan va safarda aynan Yaponiya chempioni "Sanfrechche Xirosima"ni mag‘lub etgandi.

Dastlabki umidbaxsh bashoratlarga qaramay, yapon jamoasi to‘rt o‘yindan bor-yo‘g‘i 1 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan va guruhda eng so‘nggi o‘rinda bormoqda.

Futbol mutaxassislarga ko‘ra, qolgan ikki javob uchrashuvida qanday natija qayd etishidan qat‘ianazar, Yaponiya chempioni keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini allaqachon boy bergan.

Ammo, ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, "Sanfrechche Xirosima" so‘nggi uchrashuvida safarda Janubiy Koreyaning "Poxang Stilerz"i bilan durang natija qayd etgan.

Yaponiya chempioni bundan avval 2009 yilda Osiyo Chempionlar ligasida to‘p surgan va o‘shanda ham turnirdagi ishtirokiga guruh bosqichining o‘zidayoq yakun yasagandi.

O‘zbekistonlik taniqli futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayevning aytishicha, bugungi o‘yin arafasida o‘zlarini biroz cho‘chitayotgani - yapon jamoasida hech qanaqa bosimning yo‘qligi.

"Masalan, yutqazsa ham, durang qilsa ham, g‘alaba qozonsa ham, ularda hech qanaqa bosim yo‘q. Bosim ozgina bo‘lsa ham, "Bunyodkor"da bor. Sababi - ishqibozlar ham, murabbiylar ham muddatidan ilgari keyingi bosqichga chiqish uchun albatta g‘alaba qozonishni xohlashadi. Futbolchilar shu bosimdan chiqib keta olishsa, hammasi yaxshi bo‘ladi", deydi u.

Guruh

To‘rt uchrashuv ortidan 6 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan "Poxang Stilerz" esa, joriy paytda "G" guruhida "Bunyodkor"dan keyin ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Janubiy Koreya jamoasi bugun guruhning ikkinchi uchrashuvida safarda Xitoyning "Beytszin Goan" jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Taniqli futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayevning aytishicha, bu o‘yin natijasiga ham ko‘p narsa bog‘liq.

"Mezbonlar g‘alaba qozongan taqdirlarida, o‘z-o‘zidan guruhdagi vaziyat o‘zgaradi. "Bunyodkor"ning imkoniyati yanayam oshadi. Zero, bugun Toshkentda qanaqa hisob bo‘lishidan qat‘inazar. Bu uchrashuv esa, "Bunyodkor"ning o‘yinidan avval tugallanadi. Ya‘ni, "Bunyodkor" maydonga tushayotgan paytda, guruhdagi vaziyat ancha oydinlashib qolgan bo‘ladi", deydi sharhlovchi.

"Bunyodkor" bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik ikki jamoadan biridir.

Turnirni ketma-ket g‘alaba bilan boshlagan "Paxtakor" esa, hozir to‘rt o‘yindan 7 ochko to‘plab, "V" guruhida ikkinchi o‘rin bilan qanoatlanib turibdi.

O‘zbekiston chempioni tushgan guruhda bir ochko farq bilan Qatarning "Lahviya"si oldinda borayotir.

Ham "Paxtakor" va ham "Bunyodkor" O‘zbekistonning Osiyo Chempionlar ligasida katta tajribaga ega ikki jamoasi sanalishadi.

Ikkovlon ham o‘z tarixlarida ikki bor Osiyo Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ammo ularning hech biriga halicha Osiyo chempionlari chempioni bo‘lish nasib etmagan.

"Paxtakor" guruh bosqich saralash bellashuvlarining navbatdagi javob uchrashuvini 24 aprel kuni safarda Saudiya Arabistonining "Al-Ittifoq" jamoasiga qarshi o‘tkazadi.