Amerikadan nufuzli hay‘at Almatidagi "Osiyo yuragi" anjumanida qatnashadi

Image caption Mintaqaga safari oldidan janob Bleyk "Arab bahori"dan xulosa chiqarishga chaqirdi.

AQSh Davlat kotibining yordamchisi Robert Bleyk Qozog‘iston rahbarlari bilan uchrashganidan keyin Toshkentga yo‘l olgan.

Ayni paytda AQSh Davlat kotibining o‘rinbosari Uilyam Byorns Pekindagi muzokaralardan keyin Almatiga yetib borishni rejalagan.

26 aprel kuni qator mamlakatlar siyosatchilari ishtirokida "Osiyo yuragi" anjumanini o‘tkazish mo‘ljallangan.

Kuni kecha Qozog‘iston poytaxti Ostonada gapirgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk so‘zlariga ko‘ra, Amerika Qo‘shma Shtatlari 2014 yilda Afg‘onistondan chet el qo‘shinlari chiqib ketganidan keyin ham mintaqada barqarorlikni ta‘minlashga hissa qo‘shadi.

"Biz nafaqat Afg‘oniston, balki butun mintaqadagi xavfsizlik, barqarorlik va taraqqiyot ishiga o‘z ulushimizni qo‘shish uchun hamma ishni amalga oshiramiz", deb aytgan janob Bleyk.

AQSh Davlat departamenti xabariga ko‘ra, Davlat kotibi yordamchisi Robert Bleyk Ostonadan Toshkentga borishni va u yerda AQSh-O‘zbekiston aloqalaridagi qator o‘zaro manfaatli masalalar, jumladan xavfsizlik, siyosiy, iqtisodiy va insoniy o‘lchamdagi masalalarni O‘zbekiston rasmiylari bilan muhokama etishni rejalagan.

AQSh Davlat kotibi yordamchisi Robert Bleykning safari arafasida O‘zbekiston hukumati 14 yil tutqunlikda saqlagan keksa yozuvchi Mamadali Mahmudovni ozodlikka chiqarishga qaror qildi.

Janob Bleykning Toshkentdagi Jahon iqtisodi va diplomatiyasi universitetida Amerikaning Markaziy Osiyodagi siyosatiga bag‘ishlangan ma‘ruza bilan chiqishi kutilmoqda.

Shuningdek, amerikalik yuqori lavozimli mulozim o‘zbekistonlik fuqarolik jamiyati hamda biznes vakillari bilan uchrashishni rejalagani xabar qilingan.

24-25 aprel kunlari AQSh Davlat kotibining o‘rinbosari Uilyam Byorns Pekinda Xitoy rahbariyati bilan qator muzokaralarni o‘tkazishi rejalangan.

Shundan so‘ng janob Byorns va janob Bleyk Almatidagi "Osiyo yuragi" anjumaniga to‘planadilar.

Bu anjuman maqsadi Markaziy Osiyodagi siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik bilan bog‘liq hamkorlikni yanada kuchaytirish ekani xabar qilinmoqda.

Ana shu maqsadda bir yarim yil oldin mintaqa davlatlari vazirlari darajasidagi muloqotlar boshlangan.

Bu uchrashuvlarga "Istanbul Jarayoni" deb nom berilgan.

Almatidagi anjuman ushbu muloqotlar doirasidagi uchinchi uchrashuv bo‘ladi.