Boston portlashlari gumondorlari onasi AQShga hijrat qilganidan afsusda

Boston shahrida bomba hujumlarini sodir etishda gumon etilgan aka-uka Tsarnayevlarning onasi o‘n yil muqaddam oilasi Amerikaga hijrat qilganidan pushaymon ekanini aytgan.

Hozir Dog‘iston poytaxti Maxachkalada istiqomat qilayotgan Zubaydat Tsarnayeva matbuot anjumani o‘tkazib, "Amerika farzandlarimni mendan olib qo‘ydi", deb aytgan.

Zubaydat farzandlarining bombalashlarga aloqador emasligiga uning ishonchi komil ekanini aytgan.

Avvalroq Boston portlashlari gumondorlaridan biri - uning to‘ng‘ich farzandi nomi 18 oy oldin Markaziy Josuslik Xizmati so‘rovi bilan terror gumondorlari ro‘yxatiga olingani xabar qilingandi.

O‘n kun muqaddam Boston marafoni chog‘ida qo‘shaloq portlash sodir etilishi natijasida uch kishi halok bo‘lgan va 260 nafardan ziyod odam yaralangan edi.

"Koshki Amerikada yashamasaydik. Nimagayam u yerga bordim-a?" - deya afsus bildirgan Tsarnayeva xonim payshanba kuni Maxachkalada o‘tkazilgan matbuot yig‘inida.

"Men Amerika bizni himoya qiladi, deb o‘ylagan edim. Amerika farzandlarimni mendan olib qo‘ydi... Mening ishonchim komil, farzandlarimning hech narsaga aloqasi yo‘q," - deb aytgan Zubaydat Tsarnayeva.

Uning 26 yoshli to‘ng‘ich o‘g‘li Tamerlan Tsarnayev Boston portlashlaridan bir necha kun o‘tib politsiya bilan bo‘lgan otishmada halok etilgandi.

Uning 19 yoshli ukasi Johar Tsarnayev hibsga olingan va hujumga aloqadorlikda ayblangan.

Gumondorlar otasi Anzor Tsarnayev payshanba kuni Qo‘shma Shtatlarga yo‘l olishini aytgan.

Tsarnayevlar halok etilgan farzandlari jasadini Rossiyaga keltirishlarini ma‘lum qilganlar.