AQSh Suriyani kimyoviy quroldan foydalanishda gumon qilmoqda

  • 25 Aprel 2013

AQSh Mudofaa vaziri Chak Xeygelning aytishicha, Amerika josuslik xizmatlari Suriya hukumati kimyoviy qurolni ishga solganiga ishonadilar.

Amerika mudofaa vaziri bu haqda Birlashgan arab Amirliklariga safari payti aytgan.

Janob Xeygel Suriya hukumati isyonchilarga qarshi zarin gazini ishlatgan bo‘lishi mumkin, degan fikrda.

Chak Xeygel so‘zlariga ko‘ra, zarin gazi "kam miqdorda" qo‘llangan.

Biroq u gazning Suriyaning qaysi joyida va qachon ishga solinganini aytmagan.

Oq Uy ogohlantirishicha, Suriya hukumati tomonidan kimyoviy quroldan foydalanish "qizil chiziqdan o‘tish bo‘ladi".

Bu "qizil chiziq"dan o‘tish Suriyaga ishg‘olni boshlashga yo‘l ochadi.

Biroq Oq Uy Suriya hukumati kimyoviy qurolni ishga solganini tasdiqlaydigan josuslik ma‘lumotlari yo‘qligini aytgan.