AQSh Xitoyni Qoshg‘ardagi hodisani mufassal tekshirishga chaqirdi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Shinjon Uyg‘uristonida 21 inson o‘limiga sabab bo‘lgan to‘qnashuvlarni shaffoflik bilan tergov qilishga chaqirdi.

AQSh Davlat departamenti so‘zchisi Patrik Ventrell tergov jarayoni mobaynida barcha Xitoy fuqarolari, jumladan Uyg‘urlarni ham "himoya bilan" ta‘minlashga da‘vat etgan.

Amerika tashqi siyosat idorasi mulozimi Xitoy hukumatini insonlar diniy huquqlarini ta‘minlashga chaqirgan.

"Biz talofotlarga olib kelgan baxtsiz zo‘ravonlik amallaridan afsusdamiz va biz Xitoy rasmiylarini taranglikni kamaytirish choralarini ko‘rish va Shinjonda uzoq muddatli barqarorlikni ta‘minlash chaqiriqlarimizni davom ettiramiz. Va biz Xitoy rasmiylarini hodisa yuzasidan chuqur va oshkora tergov o‘tkazishga, barcha Xitoy fuqarolari, jumladan Uyg‘urlarga ham jarayon paytida himoya bilan ta‘minlashga chaqiramiz. Bunday huquqqa ular nafaqat Xitoy qonunlari, balki inson huquqlari xalqaro majburiyatlari bo‘yicha ham egalar", deb aytgan janob Ventrell.

Shinjondagi rasmiylarga ko‘ra, ularning o‘zlarining ta‘birlari bo‘yicha "jamoat xodimlari" uyma-uy yurib qurol-yarog‘ qidirayotgan paytlarida to‘qnashuv kelib chiqqan.

O‘n besh politsiyachi va ijtimoiy xodimlar va olti gumondor halok bo‘lgan.

Yana sakkiz kishi hibsga olingan.

Qonli hodisa 23 aprel kunduzi Qoshg‘ar shahrining Bachu tumanida ro‘y bergan.

Xitoy rasmiylariga ko‘ra, bu "zo‘ravon terrorchi guruhning oldindan rejalagan hujumi bo‘lgan.

Biroq muhojirotdagi Jahon Uyg‘urlari Kongressi tashkilotiga ko‘ra, Xitoyning "qurollangan shaxslari" hukumatning navbatdagi tozalash kampaniyasi payti yosh Uyg‘urni o‘ldirgani ushbu hodisaga sabab bo‘lgan.

So‘nggi qonli hodisa musulmon Uyg‘urlar bilan xitoylik Hanlar o‘rtasidagi taranglik kuzatilib turgan paytda ro‘y bergan.

Uyg‘urlar Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur Muxtor tumani aholisining 45 foizini tashkil etadi, lekin Shinjonda Hanlarning soni ko‘payib borayotgani etnik zo‘ravonliklarga yetaklayotgani aytiladi.

Xorijdagi Uyg‘urlar Xitoy hukumatini Shinjondagi aholi tarkibini tub aholi bo‘lmagan Hanlarni bu joyga ko‘chirib olib kelish bilan o‘zgartirishga intilayotganlikda ayblaydilar.

2009 yil yozida Uyg‘urlar bilan Hanlar o‘rtasida etnik to‘qnashuvlar kelib chiqqan, Xitoy rasmiylariga ko‘ra, ushbu hodisalarda qariyb 200 kishi, aksari xitoylik Hanlar halok bo‘lgan.

Pekin rasmiylari Shinjondagi aksar zo‘ravonliklarda bu mintaqani Xitoydan ajratib olish maqsadini ko‘zlaydigan Uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblaydi.

Ammo Uyg‘ur faollariga ko‘ra, Xitoy hukumati musulmon ozchilik bo‘lgan Uyg‘urlarga qarshi yuritayotgan qatag‘on siyosatini oqlash uchun Uyg‘urlarni yomonotliq qilib keladi.

Muxbirlar Shinjondan olinayotgan xabarlarning chin-yolg‘onligini tekshirish qiyinligini aytishadi.

Xorijiy jurnalistlarning Shinjonga safar qilishlariga ruxsat beriladi, lekin muxbirlar etnik g‘alayonlar yoki hukumat rasmiylariga qarshi uyushtirilgan zo‘ravonliklar borasidagi yangilikni tekshirishga kirishganlarida ko‘pincha po‘pisa va ta‘qiblarga duchor bo‘ladilar.

Xitoyda ingliz tilida chop etiladigan China Daily ro‘znomasi 25 aprel kuni Shinjondagi qonli hodisa haqida maqola chop etgan, bu maqolada "mamlakatdagi terrorchilar uyasini tag-tomiri bilan qo‘porish uchun qat‘iyatli qadam tashlash" lozimligi ta‘kidlangan.

Davlat nazoratidagi China Daily yozishicha, Shinjondagi hodisa "mamlakat shimoli-g‘arbida terrorchilarning tahdidi bugungi kunda ham aniq saqlanib qolayotganining qonli eslatmasidir".