"Afg‘on uchrashuvida" nega Toshkent yo‘q?

Image caption Olma-otadagi uchrashuvga Toshkent hatto elchisini ham jo‘natmagan

Olma-ota shahrida Afg‘oniston bo‘yicha mintaqa davlatlari vazirlari darajasidagi "Istanbul jarayoni"da mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha olti yo‘nalishda kelishuvlar aks etgan deklaratsiya imzolangan.

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi va terrorizmga qarshi kurashish, mintaqaviy infrastrukturani mustahkamlash, hududda savdoni rivojlantirish, favqulotda holatlarga munosabat bildirish va ta‘lim hamda ilm-fan masalalarida hamkorlik bo‘yicha davlatlar kelishib olishdi.

Lekin Afg‘onistonning yon qo‘shnisi va u mamlakat bilan bevosita avtomobil hamda poyezd yo‘liga ega O‘zbekiston vakili bu anjumanda yo‘q edi.

BBCga ma‘lum bo‘lishicha, uchrashuvga hattoki O‘zbkistonning Qozog‘istondagi elchisi ham kelmagan.

Qatnashchilarga ko‘ra, bunday uchrashuvlarda O‘zbekistonning ishtiroki o‘ta muhimdir.

"O‘zbekistonning ham biz bilan birga bo‘lishini istardik. Ular muammolarni bartaraf etishga qarshi emas, faqat bu anjumanda ishtirok etmayapti" - deydi Qozog‘istonning Afg‘onistondagi elchisi O‘mirtay Bitimov.

"Biz muammoni "Istanbul jarayoni" orqali yechishni ko‘rayapmiz va ko‘p davlatlar bunga ishonib, ishtirok etmoqdalar".

O‘zbeklar nega kelishmadi?

"O‘zbekiston NATO texnikalari o‘z hududi orqali olib o‘tilishiga katta urg‘u bermoqda va boshqa davlatlar rasmiy Toshkent bilan hisoblashishi kerak deya o‘ylaydi".

Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamolliddin Rabbimov bu borada yana bir necha omillarni keltiradi.

"O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar ichidan faqatgina BMT va ShHTda barqaror ishtirok etib kelayapti. Shunda ham o‘z zmmasiga olgan mas‘uliyatlarni har doim ham bajaravermaydi. Qolgan tuzilmalarda O‘zbekistonning ishtiroki juda ham qaltis yoki beqaror bo‘lib kelgan" - deydi Kamoliddin Rabbimov.

O‘zbekistonning Olma-Otaga hatto o‘z elchisini ham yubormagani esa Ostona va Toshkent o‘rtasida mintaqada yetakchilikka intilish bo‘yicha mavjud raqobat bilan izohlanadi.

1999 yili Afg‘oniston masalasi bo‘yicha prezident Islom Karimov tashabbusi bilan tashkil qilingan 6+2 guruhi faoliyati ikki yildan ko‘pga cho‘zilmagan edi.

Kuzatuvchilar ushbu tashabbusning umri qisqa bo‘lgani va jo‘g‘rofiy joylashuv O‘zbekiston rasmiylari ongida Afg‘onistonga doir har qanday taklif va yechimga nisbatan Toshkent bilan hisoblashish kerak, degan tasavvurni paydo qilgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

"Chunki bu yerda asosiy siyosiy ruhiy omil shundan iboratki, Toshkentning tasavvurida bir pozitsiya bor. U yoqda nimani kelishishlaringdan qat‘iy nazar, mening oldimga kelib, mening roziligimni olasizlar, degan pozitsiya bor. Toshkentda jo‘g‘rofiy, geosiyosiy shakllangan kibr juda ham kuchli" - deydi Kamolliddin Rabbimov.

"Istanbul jarayoni" ishtirokchilari biri bo‘lmish Qozog‘iston Afg‘onistonni rivojlantirish uchun maxsus dastur shlab chiqqan.

Xususan, Qozog‘iston Afg‘onistonda infratizilmani rivojlantirish, maktab, shifoxona va yo‘l qurish, bug‘doy yetkazib berish bo‘yicha ishlarni amalga oshirmoqda.

Undan tashqari rasmiy Ostona 50 million dollar mablag‘ ajratgan bo‘lib, bunga ko‘ra, besh yil davomida ming nafar afg‘on talabasiga Qozog‘istonda oliy ta‘lim beradi.

O‘zbekistonning bu kabi jarayonlarda ishtirok etmasligi esa, anjumanda qabul qilingan qarorlarning to‘la muvaffaqiyat bilan amalga oshishiga salbiy ta‘sir etishi mumkinligi aytiladi.