Qirg‘izistonda "Hizb ut-Tahrir"dan namoyishkorona voz kechilgan

Image caption "Hizb ut-Tahrir" tashkiloti Qirg‘izistonda taqiqlangan

Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida taqiqlangan diniy-ekstremistik tashkilot - "Hizb ut-Tahrir"ga a‘zolikni qoralash va undan omma oldida voz kechishga qaratilgan tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy Xavfsizlik xizmati axborot agentligi xabar tarqatgan.

Xabarga ko‘ra, Aravon tumanidagi masjidlardan birida ikki yosh mahalliy rahbarlar, xavfsizlik xizmati xodimlari, davlatning din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi vakillari, mahalliy yoshlar qarshisida "Hizb ut-Tahrir"ga kirganlaridan afsus izhor qilishgan va dindorlarni bekorchi g‘oyalarga uchmaslikka chaqirishgan.

Avval "Hizb ut-Tahrir"ga a‘zo bo‘lgani aytilgan aravonlik ushbu yoshlar o‘z qilmishlaridan afsus izhor qilishgan va dindorlarni bu kabi bekorchi g‘oyalarga uchmaslikka chaqirishgan.

Aravonlik ushbu yoshlar tashkilotdan chiqayotganlarini tasdig‘i uchun qo‘llariga Qur‘oni Karimni ushlab qasam ham ichishgan.

Hodisa qirg‘izistonlik 20 ga yaqin o‘smir Suriyadagi jangovor harakatlarida qatnashish uchun aqidaparast guruhlar tomonidan yollangani borasidagi xabarlar ortidan kuzatilmoqda. Yollangan o‘smirlarning hammasi Qirg‘iziston janubidan ekanlari aytilgandi.

O‘shlik jurnalist Shohruh Soipovga ko‘ra, ayni hodisa ortidan yoshlarni turli ogohlikka chaqirish uchun tashkillashtirilgan ham bo‘lishi mumkin.

"Bunday tadbirlar unchalik tez-tez o‘tkazilmaydi. Qirg‘izistondagi ahvoldan kelib chiqqan holda, ya‘ni qandaydir bir mavzu dolzarb ahamiyat kasb etsa, muammo paydo bo‘lib, salbiy oqibatlar ko‘rina boshlagandagina, qo‘shtirnoq ichidagi choralarni ko‘ra boshlashadi. Bir hafta oldin Botken viloyatidagi yoshlar Suriyaga jihod uchun yollangani borasida xabarlar chiqqandi. Bizdagi xavfsizlik idoralari hozir bu ish bilan jiddiy shug‘ullanishayapti. Qolgan yoshlar ham aldanib qolmasliklari uchun ogohlantirish maqsadida o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, diniy masala hozir dolzarbligicha qolyapti", deydi u.

Bundan oldinroq ham matbuotda diniy-ekstremistik guruhlar Qirg‘iziston janubida faollashgani borasida xavotirli chiqishlar qilingan.

Biroq, mahalliy inson huquqlari faollari va dindorlar bunday xavotirlarga asos yo‘qligini, ko‘pda vaziyat bo‘rttirilib ko‘rsatilishini aytishadi.