Rossiyadagi ruhiy kasalliklar shifoxonasiga o‘t ketgan

Image caption Qurbonlar soni ortishi borasida xavotirlar bor

Rasmiylarga ko‘ra, Moskva viloyatidagi ruhiy xastaliklar shifoxonasiga o‘t ketishi oqibatida kamida 38 inson nobud bo‘lgan.

Dmitrovsk tumanidagi Ramenskiy qishlog‘ida joylashgan №14 shifoxonada yong‘in payshanbadan jumaga o‘tar kechasi mahalliy vaqt bilan 02:00 larda boshlangan.

Aksar jabrlanganlar mahalliy bemorlar bo‘lganiga ishoniladi. Ammo, o‘lganlar soni ortishi mumkinligidan xavotirlar bor.

Yong‘in sabablari hozirda o‘rganilmoqda. Biroq, xabarlardan birida halokatga elektr tarmog‘idagi nuqson sabab bo‘lgani aytiladi.

Rossiya axborot agentliklarining mahalliy rasmiylardan iqtibos keltirishlaricha, yong‘in binoning ahvoli og‘ir bemorlar yashovchi qismidan boshlangan.

"Dastlabki xabarlarga ko‘ra, ikki tibbiy xodim doxil 38 kishi olamdan o‘tgan", deydi Rossiyaning Ria Novosti axborot agentligiga gapirgan Sog‘liqni saqlash vazirligi voizi Oleg Salagay.

Ayni paytda o‘t o‘chirilgan va hozirgacha 14 ta jasad topilgan.

Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, 1950 yillarda qurilgani aytilayotgan binoning barcha derazalarda temir panjaralar bo‘lgani bois aksar jabrlanganlar o‘z o‘rinlaridan topilgan.

Hamshiralar ikki nafar bemorni xavfsiz joyga olib chiqishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ishonilishicha, yong‘in boshlangan payti shifoxonada jami 41 kishi bo‘lgan. Shanba kuni nobud bo‘lganlar xotirasiga motam kuni deya e‘lon qilingan.