Britaniya: "Suriyada kimyoviy qurollar qo‘llangani borasida dalillar ko‘paymoqda"

Image caption Kimyoviy qurollar ishlatilgani borasida deb da‘vo qilingan videodan olingan surat

Britaniya Bosh vaziri Devid Kamerun Suriya qo‘shinlari kimyoviy qurollar ishlatgani borasida dalillar "cheklangan, ammo o‘sib borayotgan"ini aytgan.

"Bu o‘ta darajada jiddiy, urush jinoyati", deb aytgan Kamerun janoblari BBC bilan suhbatda.

Payshanba kuni Oq Uy Qo‘shma Shtatlar josuslik xizmatlari orasida Suriya gazi sarin qo‘llagani borasida "turli darajali ishonch" borligini ma‘lum qilgan va BMTni ayni xabar yuzasidan to‘la tekshiruv o‘tkazishga chaqirgandi.

Oq Uy gaz "kichik ko‘lam"da ishlatilganini aytgan, biroq hodisa qachon va qaysi mintaqada yuz bergani borasidagi tafsilotlarni bermagan. Shu bilan birga, AQSh hukumati so‘nggi josuslik ma‘lumotlari kimyoviy qurollar haqiqatda ham ishlatilganiga dalil bo‘lolmasligini qo‘shimchaq qilgan.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kamerunga ko‘ra esa, kimyoviy qurollar qo‘llanilgani haqidagi ogohlantirishlar Suriya mojarosiga ehtimoliy xalqaro aralashuv uchun turtki bo‘lishi mumkin. Ammo, u Suriyaga Britaniya qo‘shinlarini borishini istamasligini aytgan.

Ayni paytda Suriya muxolifati faollari Damashq shimolida isyonkorlar va og‘ir qurollardan foydalanayotgan hukumat qo‘shinlari bilan janglar kechganini xabar qilishgan.