Rahmon erkin saylov va‘da qilmoqda

Image caption Bugun Tojikiston shahar-qishloqlari Prezident Rahmonning aks va so‘zlari bilan bezalgan

"Saylovoldi jarayoni erkin, shaffof va demokratik tarzda o‘tadi" - dedi kutilayotgan prezidentlik saylovi haqida gapirgan Imomali Rahmon.

Tojikiston parlamentiga qarata gapirgan janob Rahmon kelayotgan saylovoldi va ovoz berish jarayonida barcha fuqarolar huquq hamda erkinliklarini kafolatlashga va‘da berdi.

Har bir partiya va tashkilotga saylovda qatnashish uchun sharoit yaratish va‘dasini bergan tojik prezidenti nutqida bir "ammo"si bor.

Bu ham bo‘lsa ushbu partiya va guruhlar "1991-92 yillari bo‘lganidan farqli tarzda xorijdagi rahnamolariga umid qilmasliklari kerak".

Prezident Rahmon bu safargi saylovda o‘z nomzodini qo‘yish yo qo‘ymasligiga hech qanday ishora bermagan. Ammo prezidentlikni eplay oladigan kadrlar tayyor turishi haqida aytgan.

Janobi oliylari

Fuqarolar urush ortidan muxolifat bilan qudratni bo‘lashgan Tojikiston mintaqada islomiy partiya faoliyatiga izn bergan yagona mamlakatdir.

Biroq Tojikiston rahbariyati muxolifat yetakchilariga qarshi ta‘qiblar va kuchli raqiblarni chetga surish harakatlarini kuchaytirgan degan iddaolar mavjud.

Markaziy Osiyodagi eng qashshoq mamlakatni yigirma yildan ko‘proq davrdan beri boshqarib kelayotgan Imomali Rahmon hozir o‘z mavqeini mustahkamlab olgani aytiladi.

Qo‘shni O‘zbekiston va yo Turkmanistonga qiyoslaganda Tojikistonda so‘z va fikr erkinligi nisbatan ta‘minlangan.

Biroq prezident yakkahokimligi yil sayin kuchayotgani kuzatiladi.

Shahar va qishloqlar Prezident Rahmonning surat va so‘zlari bilan bezalgan. Televizor ekranlaridan tushmaydigan prezidentga ko‘p hollarda "janobi oliylari", deb nisbat beriladi.

Hozir erkin saylovlar va‘da qilinayotgan esa-da, ammo Tojik hukumati chetdagi muxolifat yetakchilarini hibsga olish va saylovoldi jarayonida ularning sasini chiqarmaslikka intilmoqda, degan fikrlar ham bor.

Keyingi oylari Ukraina va Dubayda rasmiy Dushanbega muxolif sanalgan shaxslarni ushlab, Tojikistonga topshirishga urinishlar bo‘ldi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakatda Islomiy muxolifat obro‘si baland qolmoqda, lekin aksar yetakchilari tashqariga chiqib ketgan dunyoviy muxolifat mamlakat ichkarisida juda zaif.

Xullas, Tojikiston prezidenti va‘da qilayotgan erkin saylov unda qanday nomzodlar qatnashishi, saylovoldi va ovoz berish jarayonlari qanchalik xolis hamda erkin o‘tishi bilan ham belgilanadi.

Asosiysi, qariyb chorak asrdan beri Tojikistonni boshqarayotgan sobiq kommunist prezident o‘z nomzodigi ilgari suradimi yo yo‘qmi?