Ovro‘po mahkamasi Timoshenko hibsini "noqonuniy" deb topdi

Image caption Timoshenko xonim 2011 yil oktyabrida 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi

Inson Huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi Ukraina sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenkoning Ukraina mahkamasi hukmiga qarshi arizasini qondirdi va unga nisbatan chiqarilgan hukmni "siyosiy vajlarga asoslangan" va "inson huquqlarining buzilishi", deb topdi.

Ovro‘po mahkamasining qarori seshanba kuni Strasburgda e‘lon qilindi.

Ortidan Ukraina hukumatining vakili, Associated Press xabariga ko‘ra, mahkama zalini shoshilinch tark etgan.

2011 yil 11 oktyabrida Yuliya Timoshenko Rossiya bilan 2009 yilda gaz shartnomasini imzolar ekan o‘z xizmat vakolatini suistimol qilishda aybdor deb topilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

Bu yil yanvarida esa sobiq bosh vazirga 1996 yilda Ukraina parlamenti yuqori palatasining vakili Yevgeniy Sherbanni o‘ldirishda ayblovi qo‘yildi.

Aprel oyida mamlakat prezidenti Viktor Yanukovich o‘z buyrug‘i bilan Timoshenkoning safdoshi - sobiq Ichki ishlar vaziri Yuriy Lutsenkoni avf etdi.

Inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po mahkamasi 2011 yil avgustida Ukraina mahkamasi Timoshenko xonim ishini ko‘rib chiqarkan sobiq bosh vazir noqonuniy hibsga olingan va bu bilan uning huquqlari buzilgan, degan xulosaga kelgan.

Mahkama shuningdek Yuliya Timoshenko "siyosiy vajlar bilan" ta‘qib ostiga olingan, degan xulosaga kelgan.

Biroq Ovro‘po mahkamasi qarorini ijro etish Ukraina hukumati uchun majburiy emas.

Mahkama qarori, agar Ukraina hukuamati unga rasman e‘tiroz bildirmasa, uch oydan so‘ngra kuchga kiradi.