Ozarbayjon ilk Ovro‘po Olimpiada O‘yinlariga mezbonlik qiladi

Ozarbayjonlik yuqori martabali mulozimlarga ko‘ra, 2015 yilgi o‘yinlar poytaxt Bakuda 12 iyundan 28 iyungacha bo‘lib o‘tadi.

Bu haqda Ozarbayjon Yoshlar va sport masalalari bo‘yicha vaziri Ozod Rahimov muvofiqlashtiruvchi hay‘atning ilk yig‘ini chog‘ida mal‘um qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilk Ovro‘po Olimpiada O‘yinlarida olti mingdan ortiq sportchi 19 sport turi bo‘yicha sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishadi.

O‘yinlar dasturiga esa, suzish, suv polosi, suvga sakrash, yengil atletika, badminton, basketbol, boks, kanoeda eshkak eshish, velosiped sporti, plyaj futboli, gimnastika, dzyudo, karate, o‘q uzish, stol tennisi, taekvondo, triatlon, kurash va qilichbozlik kabi sport turlari kiritilgan.

Ozarbayjonlik vazir ilk Ovro‘po Olimpiada O‘yinlarini oliy darajada o‘tkazishga ishonchlari komil ekanini ham bildirgan.

"O‘yinlar manaman degan xalqaro sport turnirlarini ortda qoldirishiga umid qilib turibmiz", deb aytgan vazir janoblari.

Ovro‘po Olimpiya Qo‘mitasi a‘zolari ilk Ovro‘po Olimpiada O‘yinlarini uyushtirish qarorini o‘tgan yil yakunida berishgandi. G‘oyaning o‘zi esa, 2010 yilda o‘rtaga tashlangandi.

Ovro‘po Olimpiada O‘yinlari xuddi Osiyo yoki Panamerika O‘yinlari kabi bo‘ladi va har to‘rt yilda bir marotaba o‘tkaziladi.

O‘yinlarga Rossiya va Turkiyaning mezbonlik qilish da‘vosi bilan chiqishi kutilgan, ammo yakunida faqatgina Bakuning bunga ko‘z tikayotgani ma‘lum bo‘lgandi.

O‘yinlarga bor-yo‘g‘i bir yil qolarkan, Ovro‘po Olimpiya Qo‘mitasi Prezidenti Patrik Hikey Ozarbayjonda olib borilayotgan tayyorgarlik ishlarini yuqori baholagan.

Janob Hikey Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va "Haydar Aliyev" jamg‘armasi rahbari bo‘lgan rafiqasi Mehribon Aliyevaning O‘yinlarga qiziqishlari nihoyatda katta ekanligidan ham juda ta‘sirlanganliklarini bildirgan.

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, Ilhom Aliyev Ozarbayjon Milliy Olimpiya Qo‘mitasining ham prezidenti sanaladi.

Janob Hikeyning so‘zlariga ko‘ra, turnirda barcha Ovro‘po davlatlari ishtirok etishadi va ishtirokchilarning soni ham O‘yinlarga yaqin o‘zgarishi mumkin.

Ovro‘po Olimpiya Qo‘mitasi O‘yinlar oliy darajada o‘tishi uchun qolgan ikki yil ichida bor kuchlarini ishga solishlarini ham va‘da qilgan.

Patrik Hikeyning aytishicha, 2019 Ovro‘po Olimpiada O‘yinlariga mezbonlik qilish istagini bildirgan shaharlarning soni esa, allaqachon bir nechtaga yetgan.