Malida islomchilar safida kurashgan fransalik qo‘lga olindi

Islomni qabul qilib, Malidagi jangarilar safiga qo‘shilganligi aytilgan Jil Le Guyen fransa qo‘shinlari tomonidan qo‘lga olingan.

58 yoshli Jil Le Guyen bir muncha vaqtdan beri Timbuktuda yashab kelganligi aytilgan.

Fransa Mudofaa Vazirining aytishicha, u islomchilar safida kurashgan.

Ba‘zi xabarlarda aytilishicha, u Mag‘ribdagi Al-Qoida guruhiga a‘zo bo‘lib kirgan. Hozirda fransa qo‘shinlari ushbu guruhga qarshi harbiy amaliyotlarda ishtirok etmoqdalar.

Huddi shu guruh Jil Le Guyenni o‘tgan noyabr oyida olib qochib, qisqa vaqt garovda ushlab turganligi ham xabar berilgan.

Bir oy avval esa u islomchilar tomonidan chiqarilgan videoda yonida qurol bilan paydo bo‘lib, Fransa, AQSh va BMTni Mali ichki ishlariga aralashmaslik haqida ogohlantirib, tahdid qilgandi.

Malida Fransa kuchlari joylashtirilishidan sal avval esa L'Express jurnali bilan telefon orqali suhbatda Usamo Bin Lodin asos solgan yo‘ldan borayotganligini aytgan.

Hozirda Jil Le Guyenning dastlab Mali rasmiylari qo‘liga topshirilib, keyin Fransaga ektraditsiya qilinishi kutilmoqda.

Fransa mudofaa vaziri Le Guyen Afrika g‘arbidagi islomchilar safiga qo‘shilgan yagona fransa fuqarosi emasligi, lekin ularning soni bir qo‘ldagi barmoq bilan sanarli ekanligini aytdi.

Tijoriy kemalarda xizmat qilgan Le Guyen 1985 yili Islomni qabul qilib, dastlab Mavritaniya va Marokashda yashaganligi, keiynchalik marokashlik turmush o‘rtog‘i va oilasi bilan 2011 yili Maliga ko‘chib o‘tganligi aytilgan.

U o‘zining kimligini yashirishga harakat qilmagan.

Timbuktudagi faollardan birining aytishicha, Mag‘ribdagi Al-Qoida shaharni egallab olgan vaqti Le Guyen ularning nazorat guruhlaridan biriga qo‘shilgan.

"U ashaddiy islomchi edi, lekin ayollarni savalash kabi amallarga qarshi chiqib, obro‘ qozongandi. Hatto bir kuni qamoqqa bostirib kirib, hibsga olingan ayollarni ozod qilgan", deya ilova qilgan faol.

Mag‘ribdagi Al-Qoida nima uchun uni noyabr oyida qo‘lga olgani ma‘lum emas. Ba‘zilar uning ayollarni himoya qilgani uchun desalar, ba‘zilar uni josuslikda gumon qilganlari uchun, deya aytishmoqda.