Militsiya zobiti kaltagidan so‘ng vafot etgan fermer yaqinlari adolatga umid qilishmoqda

Militsiya zobiti tomonidan kaltaklanganidan so‘ng olamdan o‘tgan Yangiyo‘llik fermerning yaqinlari uning o‘limi yuzasidan shikoyat qilishmoqchi.

63 yoshli fermer Tursunali Sodiqov 15 aprel kungi majlisda hammaning oldida militsiya boshlig‘idan kaltak yeyishidan so‘ng yurak hurujiga uchragan.

Yurak huruji oqibatida halok bo‘lgan fermerning ukasi Shavkat Sodiqov BBC bilan suhbatda bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan shikoyat qilishlarini va adolatli yechimga umid qilishlarini bildirdi.

"Albatta shikoyat yoziladi. O‘zbekistonning qonunlari bo‘yicha ko‘rib chiqilishiga harakat qilayapmiz", - deydi Shavkat Sodiqov.

63 yoshli fermer mahalliy hokimiyatda 15 aprel kuni viloyat hokimining o‘rinbosari va Yangiyoo‘l tuman hokimi ishtirokida o‘tkazilgan majlisga kech kelgani uchun hammaning oldida kaltaklangandi.

Majlisda ishtirok etgan yangiyo‘llik fermerning aytishicha, Tursunali aka bilan yana bir kishi majlisga kech kelgan va tuman Ichki Ishlar boshqarmasi boshlig‘i zalda hokim hamda 300 yaqin odam o‘tirganiga qaramay kech kelganlarni shapaloqlab urishga tushib ketgan.

"Majlisga ikkita odam kech kirib keldi. Militsiya boshlig‘i o‘rnidan turib borib, yoshrog‘ini shapalab urib ketdi. Yotqizib olib yana bir- ikki shapaloq urdi. Undan turib yoshi katta kishining yoqasiga yopishdi. Uni yoqasidan ushlab siltaganida odamlar, fermerlar o‘rnidan turib "tegmagin", deb baqir- chaqir bo‘lib ketdi. Keyin itarib itarib yoqasidan qo‘yib yubordi", - deydi ismini oshkor qilishni istamagan fermer.

Fermerning qo‘shicha qilishicha, kaltak yegan Tursunali Sodiqov mulzam holatda o‘rniga borib o‘tirgan.

Olamdan o‘tgan fermerning o‘g‘li Davronbekning aytishicha, majlisdan dadasi yomon holatda qaytgan.

"Ahvollari yomon edi. Mendan yashirganlar. Amakimga ham, bu yerda bo‘lgan gaplarni o‘g‘limga aytmanglar, siqiladi, deb kelibdilar. Dadam do‘xtirga borib, ukol olgan. Davleniyasi ko‘tarilib ketgan, poliklinikaga borib, ukol olgan. Uyda singlim bo‘lgan, singlimga ham akangga aytmagin, degan. Ancha mazasi bo‘lmagan", - deydi Davronbek.

Davronbekning aytishicha, dadasi majlisga ketishdan oldin soppa sog‘ bo‘lgan. Shuncha odamning oldida mulzam bo‘lganidan so‘ng siqilgan.

Fermerlarni kaltaklagani aytilayotgan Aziz Toshpo‘latov Yangiyo‘l tuman Ichki Ishlar Boshqarmasi boshlig‘i o‘laroq vazifasini davom ettirmoqda.

Toshkentdan inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan 28 aprel kuni Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasiga telefon orqali shikoyat qoldirgan. Shikoyatni qabul qilib olgan navbatchi 5 kunning ichida ko‘rib chiqilishi va zarur chora tadbir ko‘rilishini bildirgan.

BBCning Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasidan bu borada izoh olish harakatlari besamar ketdi.

Huquq himoyachilari Yangiyo‘l militsiya boshlig‘i Aziz Toshpo‘latov tomonidan fermerlarni kaltaklash holati oldin ham bo‘lganini ta‘kidlashadi.

Yangiyo‘llik Shoira Sulaymonavaning aytishicha, 2011 yilning noyabr oyida fermer ukasi Mahmud Sulaymonovni militsiya boshlig‘i 14 kun davomida bir aybni bo‘yniga qo‘yish uchun kaltaklagan. So‘ngra mahkama fermerni juvoz ishlatib yog‘ sotishda ayblab 8 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

"Ukamni 14 kun urgan, og‘izlariga dubinkalar tiqqan. 14 kun bizga ko‘rsatmadi. Oyoq yalang, 30 odam olib chiqib ketib shunaqa urgan ukamni. Sindirib tashlashgan. Ahvoli og‘ir sangorodlarga olib ketishgan, hozir 29 zonaga tashlashgan. Zarbalar natijasida tomi ketib qolgan", - deydi Shoira Sulaymonova.

O‘zbekistonda fermer va qo‘l ostidagi kadrlarni tahqirlash va kaltaklash keng quloch yozgan. Bu kabi shikoyatlar odatda ko‘rib chiqilmaydi va aybdor jazosiz qolib ketadi.

O‘zbekistonda rahbarlar mushtumzo‘rligi qanchalik keng tarqalgan?

Hokimlaru militsiya rahbarlarining pastroq mavqe yo oddiy odamlarga qarshi mushtumzo‘rligi borasida hikoyayu mish-mishlar ko‘p.

Lekin, biron holat rasman tekshirilgani ommaga ma‘lum emas.

Ayni damda, Prezident Karimov ham Toshkent viloyati hokimini ishdan bo‘shatish paytida hokimning mushtumzo‘rligi va odamlarga noqonuniy munosabat ko‘rsatishini eslati, tanqid qilgan edi.

Hukumatga yaqin Uzmetronom agentligi ham Andijon xalqi orasida zo‘ravonligi bilan nom qozongan hokimning Toshknet viloyatga ketishidan xursand bo‘lgan odamlar, palov damlab yeyishgani haqida hazilnamo maqola bilan chiqqandi.

Toshkentdan faol va jurnalist Abdurahmon Tashanov bu kabi holatlani kuzatib keladi. Biz undan rahbarlar mushtumzo‘rligi O‘zbekistonda qanchalik keng tarqalgan, deb so‘radik.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi