AQSh: Ilk aholi odam go‘shti yegan

Image caption Bosh suyagiga qarab qizning yuzini mana shunday qayta tiklashdi

AQSh olimlarining bildirishicha, Jeymstaunga ko‘chib kelgan ilk inglizlar 1609 yilning qattiq qishida odam go‘shti yeyishga majbur bo‘lganlar.

Ular murdalarni so‘yib yeyishgan va qoldiqlarni chiqindi o‘ralariga tashlashgan.

Olimlar 14 yashar o‘spirin qizning tos suyagi va bosh chanog‘ini o‘rganib shunday xulosaga kelmoqdalar.

O‘z paytida Jeyms Port deb atalgan bu maskanga inglizlar 1607 yili ko‘chib kelishadi. Ammo hali yaxshi o‘rnashmagan kelgindilar oradan ikki yil o‘tib-o‘tmay qaqshatqich qishga duch keladilar.

"Suyakdagi izlar va alomatlar uning chopilgani va eti ustixonidan shilib olinganini ko‘rsatadi" - deydi Vashingtondagi tabiat muzeyi mutaxassisi Daug Ousley.

Och qolgan odamlar qattiq qish pallasida odam go‘shti yeyishgani haqida hujjatlar bor edi. Lekin buni istbotlovchi dalillar topilmagandi.

Til va miya yeyilgan

"Uning suyagi va bosh chanog‘ida bir nechta chopilgan va kesilgan izlar bor" - deydi Doktor Ousley - "Peshona suyagi va orqa ensasi chopilgan. Bosh chanog‘ining chap tarafidan nishdek narsa tiqib, miyani chiqarib olishgan".

Bosh suyagiga qarab o‘spirinning tili va yuzi kesib olingani aniqlangan.

Image caption To‘rt asr oldin bu go‘shadagi ingliz kelgindilari odam go‘shti yeyishga majbur bo‘lganlar

"Miya, til va yuz etini olib yeyishgan va shu asno jon saqlashga majbur bo‘lganlar" - deydi olim Ousley.

Shuningdek, suyakdagi alomatlar bu ishni qilgan odam mohir qassob bo‘lmaganini yoki istar-istamas, majburlikdan shu ishga qo‘l urganini ko‘rsatadi.

Jasadni iste‘mol uchun maydalagan odam ayol kishi bo‘lgani ehtimoli ham aytilmoqda. Chunki o‘sha paytdagi kelgindilar aksar ayollardan iborat edi.

O‘spirin qiz qanday olamdan o‘tgani ma‘lum emas, lekin uning miyasini olib yeyishga intilishganiga qarab, mayit sovumasdan etini bo‘lashishgani taxmin qilinmoqda.

Suyaklarni o‘rganib uning 14 yashar qiz bola ekanligi va millati ingliz bo‘lgani aniqlangan.

Shuningdek, o‘z paytida yaxshi ovqatlangani, ko‘p go‘sht iste‘mol qilganini ham olimlar o‘rganishgan.

Olimlar qizning bosh suyagi asosida uning yuzini qayta tiklashdi.

Ammo 1609 yilning o‘sha mash‘um qahraton qishida odamlar necha kishini yeyishgani aniq emas.

Biroq 300 insondan faqat 60 nafari eson-omon qishdan chiqqani ma‘lum.