Rim Papasi Bangladesh korxonalaridagi "qullik"ni qoralagan

Image caption Bangladeshdagi korxonalarda sharoitlar o‘ta yomonligi, yong‘in kabi hodisalar tez-tez ro‘y berishi aytiladi

Poytaxt Dakkaning chekka mavzesida joylashgan Rana Plaza binosida beshta tikuv tsexi joylashan bo‘lib, ular G‘arbdagi shirkatlar uchun kiyim-kechak ishlab chiqarganlar.

Pontifik so‘zlariga ko‘ra, u ba‘zi ishchilar oyiga atigi 50 dollar ishlab topganlarini eshitib larzaga kelgan.

"Xudo bizga yaratuvchanlik, ishlash, o‘z-o‘zini hurmat qilishdek ajoyib imkoniyatlarni berganiga qaramay, bugungi kunda shunday qullik mavjud", - deb aytgan Rim Papasi ibodat chog‘ida.

"Odilona maosh to‘lamay, ish bermay, faqat foydani ko‘zlab, Xudoning irodasiga qarshi borayapsiz", - dedi u Vatikan radiosi orqali eshittirilgan nutqida.

"Qotillar osilsin"

Hozirda 410 odamning nobud bo‘lgani aniqlangan. Hodisadan bir hafta o‘tib, 140 odam hali ham topilgani yo‘q.

2,5 ming odam jarohat olgan.

Binoning qulashi Bangladesh tarixidagi eng talafotli fojea bo‘ldi. Bino 600 tonna xarobaga aylangan va shu kungacha 350 ming tonnasi to‘plab olingan.

Chorshanba kuni shaxsi aniqlangan 30 qurbon dafn etilganlar.

Seshanba kuni Dakkada o‘tgan 1 may namoyishlarida qatnashchilar bino egasi qatl etilishini va ishchilar yaxshiroq sharoitlar bilan ta‘minlanishini talab qildilar.

Ba‘zi qatnashchilar "Qotillar osilsin, korxonalar egalari osilsin" deb yozilgan shiorlarni ko‘tarib olgandilar.

Bino egasi Muhammad Suhal Rana korxonaning rahbarlari va muhandislar bilan hibsga olingan. Ular beparvolikda ayblanmoqdalar.

Hodisadan bir kun avval bino devori darz ketgan, biroq xodimlarga ishga chiqish buyurilgan.

Bangladesh muxolifati rahbari Xolida Ziyo hukumatni qurbonlarning asl sonini yashirishda aybladi.

Narayangaj sanoat shahrida chiqish qila turib, u hodisa ustidan nazorat ertaroq armiyaga topshirilganida, ko‘proq odamlar tiriklayin saqlab qolinishi mumkinligini aytgan.