Tsarnayevning qozoq kursdoshlari mahkamaga tortilgan

Image caption Johar Tsarnayev qozog‘istonlik talabalar bilan kursdosh bo‘lgan

Qozog‘istonlik ikki talabadan tashqari tergovga yuz tutayotgan uchinchi kursdosh ham bor. Bu - Robel Filipos.

U tergovchilarga yolg‘on gapirishda ayblanadi. Robel va ikki nafar qozoq talabasi ayni paytda Boston hujumlarini tashkillashtirishda aloqadorlikda ayblanmayaptilar.

15 aprelda Bostondagi marafonda yuz bergan hujum uch kishini nobud qilgan va 264 nafarini yaralagandi.

19 yoshli talaba Djoxar Tsarnayev portlashlarni amalga oshirishda ayblanadi. Uning 26 yoshli akasi Tamerlan politsiya bilan otishmada halok bo‘lgandi.

Agar aybdor deb topilsalar, Qadirbayev va Tajayakov besh yillik qamoq jazosiga hukm etilishlari yoki 250 ming dollarlik jarimaga yuz tutishlari mumkin. Janob Filipos esa sakkiz yillik qamoq jazosi yoki o‘xshash jarimaga yuz tutadi.

Ikkovi ham 19 yoshda bo‘lgan Tajayakov va Qadirbayevlar dalil-isbotni yo‘q qilishda aylanadilar. AQSh fuqarosi Filipos esa yolg‘on bayonotlar qilishda ayblanmoqda.

Mahkamadagi hujjatga ko‘ra, Tajayakov va Qadirbayev Tsarnayevning Massachusets Universiteti yotoqxonasidagi xonasidan Federal Qidiruv Byurosi tergovchilari kelishidan ikki kun avval ba‘zi jihozlarni olib chiqqanlar.

Televizion xabarlarda portlashlar gumondorlari ko‘rsatilganda, Qadirbayev Djoxar Tsarnayevga televizordagi gumondorga o‘xshashini aytib sms yozgan.

Tsarnayev esa "lol" (qahqaha otib kulayapman) va "yaxshisi menga sms yozma" deya javoblar bergan.

Da‘vo qilinishicha, Tsarnayev unga "Men ketayapman, xonamda senga nimadir kerak bo‘lsa, olaver", - deya sms yozgan.

FQBga ko‘ra, Qadirbayev ryukzakda kukuni bo‘shatib olingan mushaklarni topganida, Tsarnayev bombalarga aloqasi bor bo‘lganini bilgan.

Hujjatda aytilishicha, Qadirbayev tergovchilarga o‘zi va ayblanuvchi sherigi so‘ngra ryukzak va mushaklarni axlatga tashlashga qaror qilganlari, chunki Tsarnayevga nisbatan muammolar paydo bo‘lishini istamaganlarini aytganlar.

Qadirbayev ryukzak va mushaklarni boshqa chiqindilar bilan katta xaltaga solib, o‘zlari yashaydigan xonadonga yaqin axlatga uloqtirishganini bildirgan.

Tergovchilar keyinroq ryukzakni chiqindilar maydonidan topganlar.

Tajayakov va Qadirbayevga vakillik qilayotgan himoyachi ikkovlon talaba vizalari muddatidan ortiq AQShda qolganlari uchun bir haftadan oshiq ushlab turilganlarini aytgan.

Politsiya ovi chog‘ida yaralangan Djoxar Tsarnayev ommaviy qirg‘in qurollarini ishlatishda ayblanadi. Aybdor topilsa, u o‘lim jazosiga hukm etilishi mumkin.

Kasalxonada so‘roq qilinganda, u akasi bilan AQShning Iroq va Afg‘onistondagi urushlaridan g‘azablanganlarini aytgan.