Gulnora Karimova: "Rustam Azimov bilan munosabatlarimiz yaxshi"

Image caption Karimova xonim bu safar prezidentlik intilishlari haqida gapirmagan

O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov bilan o‘rtalarida kelishmovchilik borligi haqidagi farazlari rad etan.

2 may kuni Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida Karimova xonim janob Azimov bilan munosabatlari yaxshi ekani va "bot-bot uchrashib turishlari"ni aytgan.

Uzmetronom nashri Gulnora Karimovaning "janob Azimov bilan munosabatlarimiz juda ham yaxshi, biz tez-tez uchrashib, muammolarni muhokama qilib turamiz", degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

O‘tgan oy Gulnora Karimovaning Tvitterda janob Azimovni tanqid qilishi O‘zbekistonda hokimiyat uchun kurash ochiq tus olgani haqidagi taxminlarga sabab bo‘lgan edi.

Karimova xonim otasining ehtimoliy merosxo‘rlaridan deb ko‘riladigan Rustam Azimovni korruptsiyada ham ayblagan.

Uning internetdagi ayblovlari 75 yoshli Prezident Karimovning sog‘ligi yomonlashgani haqidagi xabarlar manzarasida yangragandi.

Javobsiz savollar

Ayni paytda Karimova xonim nima uchun aynan Rustam Azimov uning tanqidi nishoniga aylanganiga izoh bermagan.

Shuningdek, Uzmetronom muharriri Sergey Yejkovning nima uchun Karimova xonimning nomi Tashqi ishlar vazirligining elchilar ro‘yxatidan olib tashlangani haqidagi savoli ham javobsiz qolgan.

O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi bu safar prezidentlik intilishlari haqida ham ochiq gapirmagan.

Ammo otasining sog‘ligi haqidagi xabarlarni sharhlagan Gulnora Karimova rasmiylar bu borada izoh berishmaganining sababi o‘ziga qorong‘u ekanini aytgan.

Karimova xonim yaqinda internetda paydo bo‘lgan "tovus patli" suratlarini o‘zining dizaynerlik va xayriya faoliyatiga bog‘lagan.

Matbuot erkinligi

Gulnora Karimova 2 may kuni Toshkentda jurnalistlar uchun Onlayn Treyning-markazini ochib bergan.

Xalqaro Matbuot erkinligi kuni bo‘lgan 3 may kuni esa Toshkentda militsiya bir guruh faollarning norozilik piketini tarqatib yuborgan.

Norasmiy O‘zbekiston inson huquqlari alyansi faollari Bosh prokuratura binosi oldida qamoqdagi jurnalistlarni ozod qilish va boshqa talablar yozilgan plakatlarni ko‘tarishga uringanlar.

Alyans faoli Yelena Urlayevaning BBCga aytishicha, Bosh prokuratura binosida ularni kutib olgan maxsus xizmat va terrorizmga qarshi kurash xodimlari faollarni to‘xtatib, piketning noqonuniyligi haqida ogohlantirishgan.

Ammo namoyishchilar Bosh prokuraturaga qamoqdagi jurnalistlar ro‘yxatini topshirishga muvaffaq bo‘lganliklarini aytishmoqda.