Yangiyo‘llik fermerni do‘pposlagan militsiya boshlig‘i "hibsga olingan"

Image caption Militsiya boshlig‘i maxsus kuchlar tomonidan olib ketilgani aytilmoqda

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, 15 aprel kuni Yangiyo‘l tumanida o‘tgan yig‘ilishda mahalliy fermerni do‘pposlagani aytilgan tuman militsiyasining boshlig‘i hibsga olingan.

Aziz Toshpo‘latovning hibsga olinish tafsilotlari va nimada ayblanayotgani ma‘lum emas.

BBC suhbatlashgan Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi militsiya boshlig‘ining hibsga olingani haqidagi xabarni tasdiqlamadi, ammo rad ham etgani yo‘q.

IIBdagi manba‘ning aytishicha, yuqori martabali militsiya mulozimining hibsga olingani haqidagi xabarni tasdiqlash faqat Ichki ishlar vazirliginining vakolatiga kiradi.

Yangiyo‘l tuman militsiyasining ishonch telefoniga javob bergan navbatchi militsiya boshlig‘ining "ish joyida emasligini" aytdi.

Marhum Tursunali Sodiqovning yaqinlari ham militsiya boshlig‘ining hibsga olinganidan bexabar ekanliklarini aytishmoqda.

Fermerning o‘g‘li Davronbek Sodiqov BBC bilan suhbatda bu haqda ularga hech kim hech narsa bildirmagani va o‘zlaridan hech qanday ariza ham qabul qilinmaganini bildirdi.

Mustaqil Uznyus. net nashri Aziz Toshpo‘latovning 1 may kuni "qora niqoblilar" tomonidan olib ketilgani haqida yozgan.

63 yoshli fermer Tursunali Sodiqov hodisadan bir kun o‘tib, vafot etgan.

Yaqinlari uning yurak xurujidan ko‘z yumganini aytishgan.

Fermerlarning g‘azabi

Ayni paytda 15 aprel kuni Yangiyo‘lda o‘tgan yig‘ilishning ayrim tafsilotlari o‘rtaga chiqmoqda.

Anglashilishicha, hodisa yig‘ilishni boshqargan Toshkent viloyatining yangi tayinlangan hokimi, militsiya generali Ahmadjon Usmonovning ko‘zi o‘ngida yuz bergan.

2 may kuni Yangiyo‘lga safar qilgan inson huquqlari faoli Shuhrat Rustamovning yig‘ilish ishtirokchilaridan biriga iqtibosan aytishicha, militsiya boshlig‘i yig‘ilishga kechikib kelgan fermerga musht tushirishi ortidan zalda o‘tirganlar junbushga kelgan va tumanning bosh militsioneriga tashlanishgan.

"Fermerlar senga kim vakolat berdi urishga, deya militsiya boshlig‘iga tashlanishgan. Viloyat hokimi ularni tinchlantirgan. Shundan keyin Aziz Toshpo‘latov minbarda boshini ko‘tarmay o‘tirgan va majlis ham tezda tugatilgan", - deydi Shuhrat Rustamov BBC bilan suhbatda.

2 may kuni Yangiyo‘l tuman militsiyasiga borgan huquq faollariga militsiya navbatchisi boshliqning joyida yo‘qligini aytgan.

"Militsionerlar fermerning do‘pposlanganini ham, boshliqlarining hibsga olinganini ham rad etishdi", - deydi Shuhrat Rustamov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, marhum fermerning oila-a‘zolari qo‘rqitilgan.

"Biz uyiga borganimizda ayoli ham ham, qizi ham biz bilan gaplashishni istashmadi. Ularning qo‘rqitilgani bilinib turibdi. Boshqa fermerlarni ham hokimiyatga chaqirib, bunday hodisa bo‘lmagani haqida tilxat yozdirib olishayotgan ekan", - deydi faol.

Avvalroq fermerning ukasi Shavkat Sodiqov BBC bilan suhbatda hodisa yuzasidan shikoyat qilishlarini bildirgandi.

"Albatta shikoyat yoziladi. O‘zbekistonning qonunlari bo‘yicha ko‘rib chiqilishiga harakat qilayapmiz", - degan Shavkat Sodiqov.

O‘zbekistonda mansabdor shaxslarning qo‘l ostidagilar, xususan, fermerlarni do‘pposlash hollari keng tarqalgani aytiladi.

Ammo hozirgacha bironta amaldorning bu kabi zo‘ravonlik uchun jazoga tortilgani ma‘lum emas.