Qirg‘iziston: "Tablig‘i Jamoat" atrofida bahs qizimoqda

Qirg‘iziston Musulmonlar Kengashi a‘zolari "Tablig‘i Jamoat" tashkilotini terrorchilarga tenglashtirgan siyosatchilarni qoralab chiqqanlar.

Kengash a‘zolari poytaxt Bishkekda matbuot anjumani uyushtirganlar va Qirg‘iziston Din ishlari davlat komissiyasi rahbari va parlament deputatini "Tablig‘i Jamoat"ni terrorchi, ekstremist va radikalga qiyoslaganlari uchun tanqid qilganlar.

Bundan oldin "Tablig‘i Jamoat" tashkiloti a‘zolari ekstremistik g‘oyalarni tarqatayaptilar va ODKB tashkiloti 2010 yilda "Tablig‘i Jamoat"ni ekstremist tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgani uchun Qirg‘izistonda ham uni taqiqlash taklifi ilgari surilgan edi.

Musulmonlar Kengashi siyosatchilarni ushbu masalani hal etishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirgan.

Qirg‘iziston matbuotiga ko‘ra, Qirg‘iziston Din ishlari davlat komissiyasi "Tablig‘i Jamoat"ni himoya qilib chiqqan Musulmonlar Kengashi a‘zolarini davlat idorasining ishiga aralashishda ayblagan.

Davlat komissiyasiga ko‘ra, Qirg‘iziston qonunlariga binoan mamlakatda da‘vat bilan faqat Musulmonlar Diniy idorasining shug‘ullanishiga izn berilgan.

Mamlakatda 2012 yil yozida "Islom dini" deb nomlangan kitob nashr etilgani va uni nashr qilishga Qirg‘iziston Musulmonlari diniy idorasi ruxsat berganini aytgan Din ishlari komissiyasi.

Ushbu kitobda "Tablig‘i Jamoat"ga "vahhobiylik oqimidan ajralib chiqqan sekta", "yangi dinni barpo etishga urinish" deb ta‘rif berilganini bildirgan komissiya.

Qirg‘iziston Din ishlari komissiyasi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkiloti kotibiyati qarori bilan "Tablig‘i Jamoat" ekstremist tashkilot deb e‘lon qilinganini eslatgan, komissiya ham Musulmonlar Kengashi a‘zolarini o‘z bayonotlarida ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.

"Tablig‘i Jamoat" tashkilotiga 1926 yilda Hindistonda asos solingan.

Sho‘rolar Ittifoqi parchalanganidan keyin Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham "Tablig‘i Jamoat" a‘zolari ko‘paygan.

O‘zbekiston va Tojikistonda "Tablig‘"ga a‘zolikda ayblangan insonlar ozodlikdan mahrum etilganlar.

BBC qirg‘izistonlik imom Rashod qori Kamolov bilan "Tablig‘i Jamoat" tashkiloti va g‘oyalari haqida suhbatlashdi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi