Suzan Tiyeme: "Taqiqlar ayollarni hijratdan to‘xtatib qololmaydi"

Image caption Xorijda mehnat qilayotgan qirg‘izistonliklarning 30 foizi ayollar tashkil etadi

Qirg‘iziston parlamenti ota-onalar ruxsatisiz 23 yoshga to‘lmagan yosh ayollarni chetga chiqarmaslik masalasini hozirda muhokama etmoqda. Bir qarashda hukumatning xorijda bo‘lgan o‘z fuqarolari haqida qayg‘urishi tahsinga loyiqdek ko‘rinadi. Ammo, Nepal singari mamlakatlar tajribasi ayollarning erkin harakatlanishini cheklash bir tarafdan ularni tahqirlash bo‘lsa, ikkinchi tarafdan ayollar ekspluatatsiyasini yoki ular bilan savdo qilishni kamaytira olmaganini ko‘rsatadi.

Taqiq atrofidagi bahs-munozaralar Rossiyada qirg‘iz ayollarining (qirg‘iz erkaklari tomonidan) jismoniy tahqirlanishi ortidan muhojir ayollarni himoya qilish maqsadida boshlanib ketdi. Taqiqni joriy etishni istaganlarga ko‘ra, yangi qonun yosh, ayniqsa, tajribasiz ayollarni jismoniy va ruhiy qiynoqlardan himoya qiladi va ayol savdosiga chek qo‘yadi. Biroq, ayollarni tahqirlash irq, jins, ijtimoiy maqom va yoshga asoslangan bo‘lsa, ba‘zi hukumat mulozimlari ularning harakatlanishini cheklash bilan bu tahqirlashlarni yanada kuchaytirmoqda.

Bu holat zo‘ravonlik uchun zo‘ravonlik qurbonining o‘zini ayblash urishiga o‘xshamayaptimi?

Qirg‘iziston mehnat muhojirlari jo‘natmalari hisobiga kun ko‘ruvchi dunyodagi ilk o‘n davlatdan biridir. Jo‘natmalar Yalpi Ichki Mahsulotning - 27% tashkil etadi. Mamlakat 5 million aholisining taxminan 20% xorijda, asosan Rossiya va Qozog‘istonda, mehnat qiladi (ayollar 30%, erkaklar 70%). Muhojirlik mamlakatga daromad keltirishning asosiy yo‘li hisoblansa-da, unga undayotgan boshqa ommillar ham bor. Erta turmushga chiqish va an‘anaviy me‘yorlardan qochish, yangi sarguzasht va oiladan mustaqil yashash kabi omillar ham ayollar va ham erkaklar orasida muhojirlar sonining ortishiga xizmat qilmoqda. Shuning uchun ota yoki erning yozma ruxsatini olish patriarxal tizimni yadana kuchaytiradi; usiz ham xorijga ketishni istagan yoki harakat qilgan ayollar erkaklarga nisbatan o‘z yaqinlaridan ko‘proq ruhiy va moliyaviy dastakka muhtoj bo‘ladilar. Ekspluatatsiya va tahqirlanishlar kabi xavf mavjud esada, muhojirlik ko‘plab ayollar hayotiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi: ayollar oila va jamiyat cheklovlaridan mustaqilroq bo‘lishadi, mustaqil daromad ko‘rishadi va hokazolar.

Nepal hukumati ayollarga chetga chiqish, xususan Fors Ko‘rfazi davlatlarida uy xizmatkori bo‘lishga izn bermaydi. Inson huquqlari va nohukumat tashkilotlar faollari ushbu taqiqni bekor qilish umidida Nepal hukumati bilan muzokaralar olib bormoqdalar. Ushbu cheklovlar nafaqat ayollarning erkin harakatlanish huquqiga, balki, qaysi jinsda bo‘lishidan qat‘i nazar, xorijda ishlash huquqini beruvchi Nepal qonun va tartiblariga ham ziddir. Undanda yomoni, ayollar huquqini himoya qilish istagi amalda ularni yordamga yanada muhtojroq qilgan. Bunday cheklovlar xorijda ishlashni istagan ayollarni yanada xavfliroq yo‘llarni tanlashga majburlamoqda.

Cheklovlar va ularning mudhish oqibatlari qonunni chetlab o‘tish yo‘llarini o‘ylab topayotgan vositachilar hamyonini qappaytirmoqda. Qonundagi o‘zgarishlar haqida aholiga oz ma‘lumot berilayotgani vositachilarni va hattoki rasmiylarni ayollarni chetga chiqarib yuborish evaziga pora olishga undayotir. Boshqalardan qarzdor bo‘lib qolish ayollarni (va erkaklarni) xorijda og‘ir ishlarni qilishga undayotgan asosiy omillardan biridir. O‘rtada chiqadigan qo‘shimcha xarajatlar esa ular ekspluatatsiyasini yanada kuchaytirmoqda.

Mehnat muhojirligiga oid shart-sharoitlar yaqin kelajakda o‘zgaradiganga o‘xshamaydi. Shunday ekan ayollar ekspluatatsiyasini bartaraf etishning eng sermahsul usuli ularning chetga xavfsiz yo‘llar bilan borib kelishini ta‘minlash bo‘lib qolmoqda. Agar ayollar xorijga qonuniy yo‘llar bilan chiqsalar, hukumatlarga ularning harakatlanishini yaxshiroq nazorat qilish va og‘ir vaziyatlarni chetlab o‘tish yoki unumliroq yordam berish imkoni paydo bo‘ladi. Ehtimoliy muhojirlar, ya‘ni qishloqlarda yashovchi malakasiz yoki oz malakali ayollarga to‘g‘ri ma‘lumot berishni yo‘lga qo‘yishga katta e‘tibor qaratilish lozim. Ayollarning xorijda tahqirlanishini oldini olish uchun yordam muassisalari (rasmiy va nohukumat tashkilotlari) bilan aloqa qurishning oson yo‘llarini topish taqozo etiladi. Va nihoyat, muhojirlar orasida nafaqat erkaklar, balki ayollar ham xorijga chiqishga haqli ekanliklari borasida tushuntirish ishlari kuchaytirilishi kerak.

Ikki so‘z bilan aytganda: ayollar muhojirligiga nisbatan taqiqlar va cheklovlar aks samara beradi va amalda ayollarning huquqini toptaydi. Ayollar ham teng muhojirlik huquqlariga ega bo‘lishlari, va hukumatlar, donor va nohukumat tashkilotlar barcha uchun muhojirlikni ham mamlakat ichkarisida va ham xorijda xavfsiz amalga oshishini ta‘minlashlari lozim bo‘ladi!

Muallif haqida:

Tsyurix Universiteti Jug‘rofiya Departamenti yetakchi tadqiqotchisidir.

U Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Shveytsariya muhojirlik, mehnat va ta‘lim sohalarida izlanishlar olib boradi.