"Mehnat muhojirlari orasidagi o‘lim sabablari aniqlanishi shart"

Xorazmda joylashgan Najot nohukumat tashkiloti tarqatgan xabarga ko‘ra, yil boshidan beri Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonga ish izlab ketgan xorazmliklarning 14 nafari uyga tobutda qaytishgan.

Mehnat muhojirligida halok bo‘lganlar orasida erkaklar ham, ayollar ham bor.

Tashkilot asoschisi Hayitboy Yoqubovga ko‘ra, ularning o‘limi na mezbon yurtda yo na O‘zbekistonda tekshiriladi.

"Umuman ma‘lumot berilmaydi. Masalan, uning ichida kuyib kelgan bor. Kishi o‘zidan o‘zi shunqa kuymaydi-ku. U qanday kuygan, qanaqa ahvolda? Kim bunga sababchi bo‘lgan? O‘tamov Qadamboy aka degan bor. Uning qulog‘ini orqasiga sim tiqishgan. O‘sha simni kim tiqqan? Nima uchun tiqqan? Bu odamlar kimlar? Nima uchun o‘sha odamning joniga qasd qilgan? Bular to‘g‘risida biron bir ma‘lumot yo‘q. Oilasiga faqat: "Urushgan, urushgan payti shunday holat yuz bergan", deb aytishadi. Baribir yana o‘lik gunohkor bo‘lyapti", deydi huquq faoli.

Tashkilot ishchilar o‘limi uchun ish beruvchilar javobgarlikka tortilishi va o‘lim holatlari aniqlanishini talab qilmoqda.

Hayitboy Yoqubovga ko‘ra, hayotdan ko‘z yumganlarning O‘zbekistondagi oilalari uchun jasadni keltirib ko‘mishning o‘zi mashaqqat. O‘lim hollarini aniqlatish, sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazishni talab qilish borasida o‘ylab ham ko‘rilmaydi.

"O‘sha o‘likning kelishi ham og‘ir. Moliyaviy qiyinchiliklari bor. O‘likni o‘zi kelmaydi, oila 3-4 million tarofida o‘shanga pul sarflaydi. Uydagilar biron nima bilan ishontirishadi va "bo‘l, bo‘l" bilan qabristonga olib borib tiqib qo‘yishadi", deydi faol.

Bugunda, kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistondan mehnat muhojirligiga yuz tutayotganlar soni ortishda davom etmoqda.

So‘nggi yillarda bu kabi an‘ana yoshlar orasida ko‘paygani aytiladi.

Mehnat muhojirlari uchun ishlash sharoitlari og‘irligi, ular orasida o‘lim hollari, jarohatlanish, nogiron bo‘lib qolish hollari ko‘pligiga qaramay, risq izlab o‘zga yurtlarga bosh olib ketishlari sabablari esa, O‘zbekistondagi ishsizlik, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida vujudga kelgan mushkul ahvol bilan izohlanadi.

"Bilasizmi, hayot tashvishlari, O‘zbekiston ichkarisidagi tashvishlar ketishga undayapti. Ishsizlik. Oilasini boqishi kerak. Kimdandir kam bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun harakat qilishadi. Baribir ketishadi", deydi Najot nohukumat tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi